Dunyo iqtisodiyotiga yangi inqiroz xavf solmoqda

Bloomberg tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada mutaxassislar joriy yilning oxiriga qadar dunyo iqtisodiyoti yangi muammolarga duch kelishini taxmin qildi.

Ma’lum qilinishicha, dunyo iqtisodiyotining koronavirus inqirozi tubidan chiqishi kuchsizlanmoqda. Shu sababli 2020 yilning oxiri qanday bo‘lishi noaniq bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda global moliyaviy tizimning kelgusidagi rivojlanishi bilan bog‘liq bir qancha xavf mavjud. Ulardan biri koronavirusning yangi to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan, yaqinlashib kelayotgan qish.

“Yana bir muammo, AQSh va Xitoy o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat. Noyabrda AQSh prezidentligi uchun o‘tkazilishi kutilayotgan saylovlar munosabatlarni yanada keskinlashtiradi. Bu holat o‘z-o‘zidan dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deb fikr bildirdi mutaxassislar.

Shuningdek, mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayni tiklanish jarayoni boshlangandek ko‘rinishi mumkin, birozdan so‘ng yana pasayish kuzatiladi. Ko‘plab mamlakatlarda ishsizlik bilan bog‘liq va mehnat bozoridagi vaziyat tiklanayotganligi kuzatilmoqda. Biroq pozitiv taxminlarni ushlab qolish oson bo‘lmaydi. Hatto vaksina ishlab chiqarilganidan keyin ham u yaqin vaqt ichida, koronavirusni qattiq nazorat qilish uchun yetarli darajada ommaviy yetkazib berilmaydi. Bu holat o‘z navbatida, barqaror biznes olib borishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.