Dunyoda COVID-19 ning qaysi mutatsiyalari keng tarqalmoqda? JSST bunga izoh berdi
Bugun dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasi bekor qilingan. Karantin cheklovlari amalda emas. Shunga qaramay, COVID-19 mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda va har bir mamlakatda uning qaysidir shtamm yoki subvariantlari mavjud.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mas’ul vakili Mariya Van Kerxovening ta’kidlashicha, hozir Yer yuzida qayd etilayotgan barcha shtammlar "omikron" mutatsiyalaridir. Ulardan biri "Eris" deb nomlangan EG.5 varianti bo‘lib, u sayyoramiz bo‘ylab tarqalgan SARS-CoV-2 versiyalarining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.
JSST avgust oyida mazkur subvariantni kuzatuv ostiga olgandi. Bunga yoz oylarida EG.5 ning keskin ko‘payishi sabab bo‘ldi. Ammo yaqinda AQShda HV.1 versiyasi "Eris"ni "quvib" o‘tdi. U mamlakatda ro‘yxatga olinayotgan COVID-19 tashxisli bemorlarning 29 foizida qayd etilyapti.
Yevropa mamlakatlarida esa "Kraken" yoki EG.5 kabi variantlar uchrayapti. Ularning jami holatlardagi ulushi taxminan 67 foizga teng.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan "xavotirli variant" deb atalgan VA.2.86 (pirola) mutatsiyasining tarqalish sur’ati esa ancha sekin. Ilk bor iyul-avgust oylarida Isroil va Daniyada aniqlangan bu versiya emlashdan so‘ng hosil bo‘ladigan immunitetga birmuncha oson "chap berish" xususiyatiga ega, deb aytilayotgandi.
Fransiyada esa VA.2.86 ning subvarianti hisoblangan JN.1 mutatsiyasi keng tarqalmoqda.
Oksford universiteti professori Endryu Pollardning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida yangi variantlar paydo bo‘lishda davom etadi. Ular ma’lum bir muhitda xavf guruhga mansub aholi o‘rtasida shifoxonaga yotqizish holatlari va hatto o‘lim ko‘rsatkichlari oshishiga olib kelishi mumkin. Ammo hozircha bunday epidemiologik vaziyat kuzatilayotgani yo‘q.
Mariya Van Kerxove bu xususdagi xulosalari bilan o‘rtoqlashar ekan, COVID-19 ga gumon qilinganlar, albatta, maxsus test — sinamalarni topshirishlari kerakligini ta’kidladi.
Bu nafaqat kasallikni o‘z vaqtida aniqlab, samarali davolash, balki koronavirus populyasiyasi va mutatsiyalarini kuzatish hamda o‘rganish imkonini ham beradi.