Dunyodagi g‘aroyib tabiat mo‘’jizalari

Dunyoda juda ko‘p sirli voqealar, g‘aroyib hodisalar va sirlar mavjud. Aholi zich joylashgan joylar aholisi tabiatdan zavqlanishga hech narsa xalaqit bermasligi uchun butun mas’uliyat yukini shaharda qoldirib, o‘rmonda sayr qilishni orzu qilishadi. Ba’zilar piyoda yurish, qayiqda suzish va tog‘ cho‘qqilarini zabt etishga ishtiyoqmand.

Bugun sayyoradagi kishi ongini hayratda qoldiradigan vahimali hodisalar, xavf va ko‘lankalarga boy ba’zi sirli tabiiy mo‘’jizalari haqida aytib beramiz.

Playya otchopari

Bu otchopar AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan. Yassi cho‘l o‘rtasidagi bir joyda yotgan toshlar tong otganda iz qoldirib, o‘z joyini almashtiradi. Aniqki, ular o‘z-o‘zidan harakat qila olmaydi. Odamlar bu toshlarni o‘zga sayyoraliklar ko‘chirib qo‘yishiga ishonishda davom etmoqdalar. Dastlab olimlar bu hodisa bilan 1915 yilda qiziqa boshladilar.

Keyinchalik tadqiqotchilar Richard va Jeyms Norris bu hodisa sirini ochishga harakat qilishdi. Ularning fikricha, tog‘ jinslari muzlik davrida hosil bo‘lgan yer ostidagi muzlar tufayli siljiydi. Albatta, biz ularning fikriga qo‘shilamiz, chunki o‘zga sayyoraliklarning sahrodagi toshlarni joyidan qo‘zg‘atishdan ko‘ra muhimroq ishlari ko‘p bo‘lsa kerak.

Madidi milliy bog‘i

Boliviyada Amazonka daryosining yuqorisida insoniyat sivilizatsiyasi tegmagan yovvoyi o‘rmon bor. Butun dunyodagi botaniklar va zoologlar sayyoramizdagi eng katta qo‘riqxona - Madidi bog‘ida har xil turdagi tirik mavjudotlarni o‘rganishni istaydilar. Biroq bu ajoyib joyni borib ko‘rishda bitta to‘siq bor: bog‘dagi hamma narsa hayvonlardan tortib, o‘simliklargacha hamma-hammasi zaharli. Ularga tegingan odam yo mayib bo‘lib qoladi yo hayot bilan xayrlashadi.

Bu joyni haqiqiy jannat deb biladigan mahalliy aholi bunday sharoitda yashashga moslashgan. Ularda asrlar davomida bog‘dagi ko‘plab zaharlarga qarshi immunitet rivojlangan. National Geographic jurnali a’zosi Joel Sartore bu yerda uch hafta yashab ko‘rdi. Shundan so‘ng shifokorlar unga oddiy mikroorganizmlar keltirib chiqaradigan leyshmanioz va qora tropik bezgak kasalliklarini aniqlashdi.

Danakil chuqurligi

Efiopiyada ham bir noyob joy bor – bu bir nechta faol vulqonlardan iborat Danakil chuqurligi. Bu joy, shuningdek, “Jahannam darvozasi” deb nomlangan. U hech nimaga o‘xshamaydigan olamlar orasidagi portalga o‘xshaydi. Unga tikilgan kishi hatto mavjud haqiqatda bo‘lib turganligiga shubha qiladi.

Shuningdek, bu hududda 3,2 million yillik  avstralopitek (qadimgi odamsimon maymun) qoldiqlari topilgan. Olimlar bu hududda bir necha noodatiy ekotizimlarni kashf qilishdi. Masalan, ba’zi mikroorganizmlar yerga xos bo‘lmagan kislotalar to‘la qaynab turgan suyuqliklarda o‘z yashovchanligini ko‘rsatyapti.

Iblis qozoni

AQShning Minnesota shtatida Iblis qozoni nomini olgan juda g‘aroyib sharshara bor. Xo‘sh, nima sababdan u shunchalik qo‘rqinchli ekan? Tepadan tushayotgan suv qayerga ketayotganini hech kim, hatto olimlar ham bilmaydi. U shunchaki piyola shaklidagi “idish”ga quyiladi va izsiz yo‘qoladi. Sayyohlar bu sharsharaga har xil narsalarni tashlashadi, biroq atrof sinchiklab ko‘rilgandan keyin hech narsa topa olmaydilar. Hech kim u yerga sho‘ng‘ishga jur’at etmagan. Mahalliy aholining aytishicha, bir kuni o‘smirlar iblis qozoniga butun bir mashinani ag‘darib yuborishgan. Suv hech qanday iz qoldirmasdan, uni butunlay yutib yuborgan.

 Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.