Dunyoni hayratda qoldirgan Fiji: go‘zal tabiat va ko‘hna madaniyat mo‘’jizalariga sayohat

Fiji oppoq qumli sohillari, purviqor palma daraxtlari va noyob marjonqoyalarining ohanrabosi bilan sayyohlarni har doim mahliyo etadi.

Tinch okeanining markazida, Yangi Zellandiya va Avstraliyaning shimol tomonida fusunkor Fiji orollari joylashgan. Fiji orollari o‘zida 332 ta orolni jamlagan. Mamlakatning 87 foiz aholisi asosan ikki katta orolda istiqomat qiladi. Fiji - yerli xalq tilidagi "iji" -"uy" so‘zidan olingan. Orolga bu nomni 1774 yilda Jeyms Kuk bergan. 

Kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Vanua Levu orolida eng ko‘p sayyohlik xizmatlari taklif etiladi. Yer ostidan sizib chiquvchi issiq buloqda cho‘milish, velosayohat, marjonqoyalar bo‘ylab sayr shular jumlasidan.

Avgust Fijida harorat eng pasayadigan oy sanaladi. Orollar mamlakatining eng issiq davri esa fevral oyiga to‘g‘ri keladi.

Bir paytning o‘zida ikki ming tupdan ortiq orxideyadan bahramand bo‘lishni istaganlar Fijidagi botanika bog‘iga tashrif buyurishlari mumkin. Bog‘ o‘zi joylashgan "Uyqudagi bahaybat odam" tog‘i nomi bilan atalgan. Bu yerda dunyodagi eng ajoyib orxideyalar o‘sadi.

Orolliklarning urf-odatlariga ko‘ra bu yerda quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak va shlyapada yurish rahnamolarga xos sanaladi. Sizdan hurmat bilan ularni yechib qo‘yish so‘ralishi mumkin.

Orolda choychaqa berishdan ham saqlangan ma’qul. Negaki, yerli xalqda bu odat hurmatsizlik sanaladi.

Fijining Ovalau orolida yam-yashil Lovoni qishlog‘i bor. Bu qishloq qadimiy vulqon o‘pqonida joylashgan. Yer yuzida bir nechta mana shunday maskanlar bor. Sayyohlar Lovonini osuda hayot tarzi va sokin tabiati uchun g‘oyat qadrlashadi.

Fijining ba’zi orollarida istiqomat qiluvchi hindu qabilalarida g‘alati odat mavjud. Ular vafot etgan yaqinlarini o‘z hovlilarida, ba’zi hollarda esa hatto uylarida dafn etishadi.