Dunyoning eng kichik davlatlaridan biri bilan diplomatik aloqa o‘rnatildi

“Dunyo” axborot agentligi xabar berishicha, 3 fevral kuni O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi protokolni rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjatni O‘zbekiston tomonidan elchi Otabek Akbarov, San-Marinodan esa mamlakatning Italiyadagi elchisi Daniela Rotondaro imzoladi.

Ikki mamlakatda ichki protseduralar o‘tkazilgach, protokol kuchga kiradi va San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlatga aylanadi.

Eslatib o‘tamiz, San-Marino dunyodagi eng kichik davlatlardan biri (maydoni - 61 kvadrat kilometr) hisoblanadi. Mamlakat Janubiy Yevropada joylashgan va to‘rt tomondan ham Italiya bilan chegaradosh. Dunyodagi eng qadimgi konstitutsiyalardan biri amal qiladigan San-Marino uning zamonaviy chegarasi e’tiborga olinganda Yevropaning eng uzoq tarixga ega davlati hisoblanadi. Bu davlat aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi (2020 yil – 56 ming 690 dollar) bo‘yicha dunyodagi eng boy mamlakatlardan biridir.