Dunyoning eng kuchli gimnastikachi qizlari Samarqandda bellashadi
22–23 noyabr kunlari Samarqand shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha “East cup and Olimpic stars” xalqaro Gran-pri turniri o‘tkaziladi.
Turnirda dunyoning 12 davlati (Belarus, Ispaniya, Rossiya, Moldova, Turkiya, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy Xalq Respublikalari va boshqalar)dan eng kuchli gimnastikachi qizlar ishtirok etadi.
Gimnastikachilar yakkalik va guruh bahslarida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, ishtirokchilarning halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarish mahorati ham baholab boriladi.
Musobaqa Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida o‘tkaziladi va turnir doirasida yuqori reytingga ega gimnastikachilar ishtirokida mahorat darslari ham tashkil etiladi.