Dunyoqarashni ilm, daromad, manfaat o‘zgartiradi

Mustaqilligimizning 29 yilligi davrida davlatimiz bosh reformator sifatida barcha sohalarni tubdan isloh etdi, eng asosiysi inson qadri, aholi turmush darajasi balandga ko‘tarildi, ta’lim-tarbiya, ma’naviyatga e’tibor kuchaytirildi.
Jumladan, mustaqillik yillarida chuqur islohotlar natijasida milliy ta’lim tizimimiz shakllandi. Mustaqillik va ta’lim bir birini to‘ldiruvchi, kezi kelganda, biri ikkinchisiga tirgak bo‘luvchi tushunchalardir. Chunki, mustaqillik ta’lim kuchli joyda mustahkamlanadi, ta’limga e’tibor bor yerda yanada kuchayadi.
Zamonaviy jamiyatga bugun dunyoqarashi keng insonlar zarur. “Dunyoqarashni nima o‘zgartiradi – ilm, daromad, manfaat”, deydi Prezidentimiz. Hamma narsaning asl mohiyati ta’limga borib taqalaveradi. Eng muhimi, yoshlarimizda ta’limga bo‘lgan qarashlar, unga bo‘lgan e’tibor, munosabat o‘zgarishi birinchi navbatda pedagoglarda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Keyingi yillarda respublikamizda ta’lim sifatiga e’tibor tufayli, tizimdagi ishlar ijobiy tarzda qaytadagan isloh etilmoqda. Ta’limni zamonaviylashtirish, samarali usullarni sohaga olib kirish ertangi kelajakning uzviy qismidir. Ta’limning barcha bo‘g‘inlarida olib borilgan islohotlar bugungi kunda o‘zining ijobiy tomondan ko‘rsata boshladi.
Maktabgacha ta’lim tizimidagi islohotlar natijasida farzandlarimiz 2-3 yoshdan boshlab ta’lim-tarbiya olmoqdalar. Ya’ni, bolani kichikligidan tarbiyalashni davlat o‘z zimmasiga oldi. Bu o‘z vaqtida to‘g‘ri qilingan ish, amal ekanligini bugungi kun isbotlab bermoqda. Sababi, ertangi kunda yoshlarni har tomonlama yetuk inson etib tarbiyalash uchun ta’limga e’tiborni bugundan boshlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada maktabgacha ta’lim tizimida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, xususiy bog‘chalar ochildi, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etilishi ham bu boradagi ishlarni tizimli olib borish imkoniyatini yaratdi. Natijada 2017 yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari qamrovi 17 foiz bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 2 yil ichida bu ko‘rsatkich 55 foizga yetdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 60 foizgacha yetkazilishi kutilmoqda.
Xalq ta’limi tizimining mazmuni sifat jihatidan yangilandi, maktablarda o‘qituvchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatishning jozibadorligi oshdi, iqtidorli o‘quvchi yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi, ixtisoslashtirilgan maxsus va Prezident maktablari tashkil etildi. Maktab o‘qituvchilaridan turli sohalar uchun ishchi kuchi sifatida foydalanish amaliyotiga chek qo‘yildi. Shuningdek, o‘quvchilar va ota-onalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda 10-sinflarga o‘quvchilar qabul qilish qaytadan yo‘lga qo‘yildi.
Keyingi yillarda oliy ta’lim tizimiga doir chiqarilgan Prezident farmon va qarorlari asosida oliy ta’lim muassasalarining (OTM) qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirildi, shuningdek, o‘qishga qabul qilish jarayonlari ham shaffoflashdi, bilimli, iste’dodli va qobiliyatli yoshlar o‘qishga qabul qilish tizimi yaratildi. Yangi OTMlar, ta’lim yunalishlari, magistratura mutaxassisliklari, ta’limning sirtqi va kechki shakllari ochildi; reytingi yuqori xorijiy OTMlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, OTMlarning moddiy-texnik bazalari tubdan yaxshilandi; professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ilmiy darajasi va ilmiy unvonlariga nisbatan mehnatga haq to‘lash tizimi takomillashtirildi. Natijada oliy ta’lim tizimidagi juda ko‘p muammolar ijobiy hal etildi. So‘nggi bir necha yil davomida oliy ta’lim bilan qamrov 9-10 foizni tashkil etgan edi, olib borilgan chora tadbirlar natijasida bu ko‘rsatkich so‘nggi 2 yilda 15 foizdan oshdi. Bu ko‘rsatkichni 20-25 foizga yetkazish va kelgusida oshirish uchun sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
29 yillik Istiqlolning bu yilgi shiori “Sen - qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” deb nomlandi. Har yilgi shior Mustaqillikning jamiyatdagi qadri ekvivalenti bilan belgilanyapti. Buni sinchkov o‘quvchi darrov sezadi. Bu yilgi istiqlol O‘zbekistonni chindan ham qudrat manbai, saodat maskaniga aylantirdi. Bu borada ta’lim tizimida yangicha yondashuv va o‘zgarishlar bo‘layotgani e’tirofga loyiq. Zero, buning boisi Vatanimizning ertangi taqdiri, istiqboli yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga va egallayotgan kasb-koriga bog‘liq.
Abdulla Aslonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.