DXA viloyat boshqarmasining 3 nafar xodimi nega lavozimidan ozod etilgan?

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaf etish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

Xususan, korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida ishga qabul qilinayotgan har bir xodim bilan alohida tartibda profilaktik suhbat va tushuntirishlar o‘tkazilib, “Mehnat va ijro intizomi talablari, odob-axloq qoidalari va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etmaslik” mazmunidagi tilxatlar olinmoqda.

Bundan tashqari, boshqarmaning mas’ul xodimlari tomonidan “Sirli mijoz” va “Reyd” (qisqa muddatli tekshirish) tadbirlari olib borilmoqda. Tadbirlarda aniqlangan xato va kamchiliklar odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qoidaga amal qilmayotganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilayapti.

O‘tgan davr mobaynida 18 nafar xodimga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Shuningdek, 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilib, 2 nafar xodim lavozimidan past vazifaga o‘tkazildi.

Furkat ANAROV, 

davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi kadrlar bo‘limi bosh maslahatchisi.