DXX katta miqdordagi xorijiy valyutaning noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘ydi

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” chegara bojxona postining “Malik-avto” chegara nazorat o‘tish punkti orqali O‘zbekiston Respublikasidan Qozog‘iston Respublikasi tomon harakatlanayotgan, muqaddam sudlangan Q.Abdurasulov boshqaruvidagi “Mercedes benz” rusumli avtomashina bojxona xodimlari ko‘rigidan o‘tib, chegaraning neytral hududiga yetgan vaqtida to‘xtatib tekshirildi.

Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida xufiyona usulda yashirilgan 1136000 AQSh dollari, 77830 yevro va 21018670 Rossiya rubli borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi, deb xabar berdi O‘zA.

Mazkur xorijiy valyutalarning milliy valyutadagi ekvivalenti 14 milliard 753 million so‘mdan ziyodni tashkil etadi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida mazkur ishga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.