O‘zbekistondan chet elga valyuta olib chiqish va olib kirish miqdori oshiriladi
Jismoniy shaxslar tomonidan naqd valyutani bojxonadan deklaratsiyasiz olib o‘tish miqdori oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 4 sentyabrdagi qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga buni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Qarorga ko‘ra:
➖Jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 100 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdordagi O‘zbekiston naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi (avval bu miqdor 70 million so‘m edi).
➖Jismoniy shaxslar deklaratsiya to‘ldirish talab etiladigan belgilangan ekvivalentdan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini bojxona nazorati shakllari qo‘llanmasdan oldin deklaratsiyalamagan holda bojxona organlari xodimlariga maslahat olish maqsadida taqdim etganda, bojxona organlari xodimlari tomonidan jismoniy shaxslarga deklaratsiya to‘ldirish qoidalari bilan bog‘liq umumiy tushuntirishlar beriladi (ilgari bu qoida mavjud emas edi).