Bank mijozga qonun doirasida xizmat ko‘rsatgan, pul ko‘rsatilgan fuqaro nomiga jo‘natilgan

Joriy yil 21 iyun kuni Zarnews.uz caytida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Amir Temur filiali orqali fuqaro Navro‘z Abdullayev va uning tanishlari tomonidan Rossiyadan asbob-uskunalar xarid qilish maqsadida Moskva shahrida ishlayotgan Zarnigor Vahobovaga 20 ming AQSh dollari yuborilganligi va bu pullar izsiz yo‘qolganligi to‘g‘risida maqola chop etildi. Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Haqiqatan ham, N.Abdullayev va uning yaqin tanishlari 2021 yil 2-3 fevral kunlari Rossiya Federatsiyasiga 20 ming AQSh dollari yuborish maqsadida bankning Amir Temur filialiga kelgan. Bank xodimlari tomonidan bir jismoniy shaxs nomidan bir yo‘la 20 ming AQSh dollari miqdorida pul yuborib bo‘lmasligi fuqaroga tushuntirilgan.

Shundan so‘ng N.Abdullayev ikki marotaba o‘zining, bir marotaba turmush o‘rtog‘i va bir marotaba tanishi nomidan bankning Amir Temur filialida “CONTACT” xalqaro pul o‘tkazmasi tizimi orqali jami 20 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini Rossiya Federatsiyasi hududida istiqomat qiluvchi talab qilingan fuqaro nomiga jo‘natgan.

Pul yuboruvchilarga pul o‘tkazmasini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan va taqdim qilingan. Hujjatlar belgilangan tartibda tekshirilgan, fuqarolarning shaxsi aniqlangan va bank amaliyoti bajarilgan. Pul o‘tkazmasini olish uchun asos bo‘luvchi, boshqa shaxslarga berilmasligi kerak bo‘lgan maxfiy kod mijozga taqdim qilingan.

“CONTACT” xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tizim ekanligi bank hujjatlarida belgilangan va fuqarolar tomonidan mazkur hujjat imzolangan. N.Abdullayev shartnoma shartlari bilan to‘liq tanishib chiqqan holda pul mablag‘larini belgilangan manzil bo‘yicha yuborgan.

Qabul qiluvchiga qulaylik tug‘dirish maqsadida pul mablag‘lari banklararo tizim orqali Rossiya Federatsiyasiga manzilsiz tartibda yuborilgan (ya’ni, pul jo‘natmasini qabul qiluvchi fuqaro Rossiya Federatsiyasi hududidagi har qanday “CONTACT” xalqaro pul o‘tkazmalari tizimiga ulangan bank orqali talab qilingan hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim qilgan taqdirda mazkur pul mablag‘larni olish imkoniyatiga ega bo‘lish imkoniyati ta’minlangan).

Mazkur holatda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB mijoz tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga tayangan holda mijoz tomonidan so‘ralgan manzilga va fuqaroga pul mablag‘lari jo‘natilgan, buning uchun umumrespublika miqyosida tasdiqlangan tarif rejaga asosan komissiya xizmati olingan.

2021 yil 4 fevral kuni N.Abdullayev bankka murojaat qilib, yuborilgan pul mablag‘larini manfaatdor shaxs olmaganligini ma’lum qilgan. Bank mas’ullari tomonidan hujjatlar o‘rganib chiqilib, qabul qilib oluvchi fuqaro tomonidan yechib olingan pul mablag‘larining rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq tegishli hujjatlar N.Abdullayevga tanishib chiqishlik uchun taqdim qilingan.

Ammo ushbu hujjatlar yetarli emas deb topib N.Abdullayev qo‘shimcha dalillar keltirishni talab qilib kelmoqda. Lekin bu talablarni (pullarni qaytarib olishlik, Rossiya Federatsiyasi hududida faoliyat yuritayotgan tashkilotdan hodisa sodir bo‘lgan vaqtni qayd qilgan videolavhalarni talab qilib olish to‘g‘risidagi talablari) bajarish “O‘zsanoatqurilishbank” ATB vakolati doirasida bo‘lmaganligi sababli fuqaro N.Abdullayevga mazkur holatda tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlik tavsiyasi berilgan.

Hurmatli yurtdoshlar! So‘nggi paytlarda internet tarmog‘ida turli firibgarlik sxemalarining ortib borayotganini inobatga olgan holda xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish chog‘ida ushbu amaliyotga oid ma’lumotlarni begona shaxslarga oshkor qilmaslikni so‘rab qolamiz.

“O‘zsanoatqurilishbank” axborot xizmati.