Naqd shakldagi valyutalarni olib kirish va olib chiqish qoidalari o‘zgartirilyapti

Vazirlar Mahkamasining “Hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Keltirilishicha, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 70 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdordagi naqd valyuta yo‘lovchi bojxona deklarasiyasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkazilishi tartibi belgilangan.

Mazkur tartibga kiritilayotgan o‘zgartirishda deklaratsiyalash miqdorini 100 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdorda etib belgilanmoqda.

Jismoniy shaxslar tomonidan deklaratsiya to‘ldirish talab etiladigan belgilangan summadan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablag‘lari deklaratsiyalanmagan holda taqdim etilganda, bojxona organlari xodimlari tomonidan jismoniy shaxslarga deklaratsiya to‘ldirish qoidalari tushuntirilishi tartibi joriy etilmoqda.

Shuningdek, loyiha qabul qilinishi orqali valyuta olib kirish va olib chiqish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinishi, tadbirkorlik sub’yektlariga qulayliklar yaratilishi hamda davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilinishi ta’minlanadi.