DXX va IIB ekstremistik guruh a’zolarini qo‘lga oldi

16 iyun kuni Sirdaryo viloyati ichki ishlar va DXX viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar a’zolarining ta’siriga tushib, radikal g‘oyalarni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelgan yashirin guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Guruh a’zolari internetning «Telegram» messenjerida virtual kanal tashkil qilib, u orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarini targ‘ib qiluvchi audio va videomateriallarni tarqatib kelgan.

Tezkor tadbir natijasida mazkur jinoiy guruhning Mirzaobod tumani va Yangiyer shaharlarida yashovchi 20 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Bu shaxslarning yashash manzillaridan ekstremistik mazmundagi materiallar protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.