«Dyadya Slava»ning bolalar maydonchasi

Bir paytlar samarqandlik aholi orasida «Shanxay» deb atalgan, asosan koreys millatiga mansub kishilar yashaydigan bu hududning xalq orasidagi o‘sha nomi unutilib ketgan. Koreys millatiga mansub aholi ham oldingidek ko‘p emas. Ammo borlari ham mahalladoshlari bilan bir oiladek istiqomat qilishadi.
Ayni paytda Samarqand shahar Ko‘ksaroy mahallasida istiqomat qiluvchi aholining bir-biri bilan o‘zgacha ittifoqlik, hamjihatlikda yashashi chetdan kelgan kishiga yaqqol seziladi. Tahririyat binosi shu mahallada joylashgani uchun, buni nafaqat biz, balki shu yaqin atrofdagi korxona xodimlari ham tasdiqlashadi. Lekin ushbu maqola mahalla haqida emas, shu yerda 1973 yildan beri istiqomat qiluvchi Slava amaki haqida. «Dyadya Slava» deb chaqirishadi mahalladoshlari uni.
Gap shundaki, mahallaga qarashli, Samarqand shaharining mashhur Ulug‘ Tursunov ko‘chasidagi bosmaxona va koreys milliy madaniy markazi binosi o‘rtasida, qurilish qilish imkoni yo‘q, yo‘l cheti bo‘lsa-da ammo anchagina katta joyni egallagan hudud bir paytlar chiqindi-yu yovvoyi o‘t bosib yotar, o‘tgan-ketgan odam shu yerdan tezroq o‘tib olay deya qadamini tezlashtiradigan joy edi. Hozir esa yo‘lovchilar shu yerda bir pas o‘tirib, hordiq chiqarsam, deb havas qiladigan manzilga aylandi. Ko‘m-ko‘k archalar, turli mevali va manzarali daraxtlar yashnab, bolajonlar uchun bir necha xil arg‘amchiq moslamalar o‘rnatilgan. To‘g‘risi, buning barchasi ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘ldi, bir yilda emas, albatta.
Har kuni ishga kelayotganimizda yoshi ulug‘roq bir kishining goh bu yerni tozalab o‘tirganiga, goh daraxt ekkaniga guvoh bo‘lardik. Keyinroq shag‘al to‘kilib, atrofi tekislangan hududga aylandi. Ba’zida ishga shoshamiz, qaytishda esa uyga… Ammo har kuni o‘tadigan ko‘chamizda tez-tez nimadir yangilik sodir bo‘layotganiga ko‘pchilik e’tibor bermadi, ba’zilar uni kim bajarayotganini bilib, rahmat aytdi. Bir kuni esa u yerda to‘satdan bolalar uchadigan attraksion qad rostladi. Kechqurun, ishdan qaytishda mahallaning bolalari bu yerda arg‘imchoq uchib, chug‘urlashganiga guvoh bo‘la boshladik. «Qanday yaxshi…» deya bu joyning ijodkoriga minnatdorlik hissi bilan yana ko‘p kunlarni o‘tkazdik.
Mana, oradan yillar o‘tdi. Ehtimol, hozir mahalladagilarning o‘zlari ham bu yerning qanchalik xarob, chiqindiga to‘la joy bo‘lganiga ishonmasa kerak. Ammo o‘z uyi atrofidagi bu joyni 80 yoshga yaqinlashib qolgan nuroniyning bir o‘zi obod qilayotgani haqiqatan ham hayratlanarli. Yaqinda amakining o‘zi bunyod etgan maydonchaning atrofini sementli qorishma tayyorlab, u yoq bu yog‘ini andavalab yurganiga guvoh bo‘ldik. Slava amakini zo‘rg‘a suhbatga tortdik. «Nimani gapiraman, qo‘ysangchi…» deydi kamtarlik qilib.
O‘zim Qozog‘istonda, bolalar uyida katta bo‘lganim uchun bolalar hayotning bor ne’matlaridan bahramand bo‘lishlarini istayman, - deydi Slava Xegay. – 1973 yilda taqdir taqozosiga ko‘ra, Samarqandga keldim, shu yerda uylanib, farzand-nabirali bo‘ldim. Uzoq yillar Samarqanddagi sanoat korxonasida muhandis bo‘lib ishladim, ammo maosh kamroq bo‘lgani uchun Samarqandning qariyb barcha tumanlarida dehqonchilik bilan shug‘ullandim. Nurobodning olis qishlog‘ida ham, Payariq, Ishtixon, Jomboyning oqibatli va mehnatkash odamlari bilan, shaharga yaqin-olis, xullas, barcha tumanlarda piyoz ekdik, o‘sha yerning aholisi bilan og‘a-inidek bo‘lib ketdik. Aytmoqchimanki, umrim mehnatda o‘tdi, tinimsiz mehnat bilangina oilamni boqdim, shuning uchun nafaqaga chiqqanimda ham uyda bekor o‘tirolmadim. Qo‘limdan kelgani uchun qo‘ni-qo‘shnilar foydalanmaydigan turli temir-tersaklarni yig‘ib, arg‘imchoq yasadim. O‘zim muhandisman, bu sohaning nozikliklarini tushunaman. Bolalar maza qilib dam olishi uchun bu yer soya-salqin bo‘lishi kerak, daraxtlar ekish zarur. Archa, tol, terak va boshqa daraxtlarning ko‘chatlarini ekdim. Uni parvarishlash uchun tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalandim. Ham suv tejaladi, ham daraxtlar o‘z vaqtida sug‘oriladi. Daraxtlar ko‘karib, yashillangach, o‘tirg‘ich, yana bir-ikki arg‘imchoq yasab, o‘rnatdim. Uyimning yonida bo‘lgani uchun haliyam maydonchaning har qarichidan xabardor bo‘lib turaman, biron nimaga shikast yetsa, darhol tuzataman.
Hech kimdan yordam so‘ramay, o‘z mablag‘iga, o‘z mehnati bilan ajoyib maskan yaratgan bu inson uchun yashashning sharti mehnat. U xoh daromad keltirsin, xoh odamlar koriga yaraydigan, savobli ish bo‘lsin, amakiga buning ahamiyati yo‘q. U mehnat bilan o‘zini bu hayotda kerak inson deb biladi. Darvoqe, uning mehnati qadrini hammadan ham shu yerda ulg‘ayayotgan bolajonlar his qilishadi. To‘g‘ri, mahalla faollari ham uning bu fidokorligini qadrlab, faxriy yorliq bilan taqdirlashgani rost. Ammo Slava amakiga odamlarning u yaratgan joyda hordiq olib, minnatdor bo‘lishidan ortiqroq e’tirof yo‘qday.
Bugun ushbu mahallaning bolalari boqqa boraylik, deb katta istirohat bog‘ini emas, aynan Slava amaki yaratgan bog‘ni nazarda tutishadi. To‘g‘ri, hozir karantin payti oldingiday gavjum bo‘lmasa-da ammo bu yer mahalla bolalarining sevimli joyiga aylanib ulgurgan.
Slava amakidan yoshini so‘raganimda «77 ga kirdim, chevaram ham bor», deydi. Farzandlaringiz haliyam tinib-tinchimay yurishingizdan, ko‘chadagi bir maydonchani obod qilaman, deb sement qorishmasi solingan og‘ir idishlarni ko‘tarib yurishingizdan jahli chiqmaydimi, deyman. «Ular ishsiz o‘tirolmasligimni yaxshi bilishadi. Gapirsa, foydasi yo‘qligini ham…» deya kulib qo‘yadi amaki.
Gulruh MO‘MINOVA.