Ehson egasini topdi

Ayolu erkak bir paytlar rizqi tang paytlarda aytardi: "Yana Alloh qodir qilsa, qo‘limiz-qurbatimiz yetsa, bir kuni Qurbon hayiti kuni qurbonlik o‘tkazamiz".

Alloh taolo murodlariga yetkazdi. Hayitning ikkinchi kuni jonliq so‘yildi. Oshxonada o‘tirib, eru-xotin dili va tili shukrga to‘yingan holatda ehsonni qirq bo‘lakka bo‘lib, xaltalarga joylab chiqdi. Keyin bir boshdan tarqatishni boshladilar.

Ehson ko‘tarib ayoli uyiga yaqin boshqa bir qo‘shnining eshigini taqillatib bordi. Ochguvchi insonning esa ensasi qotdi:

"Mayliku-ya, lekin shartmas edi..."

Uyga chiqquncha ayolni o‘y bosdi: "Qo‘shnimni xafa qilib qo‘ydim, shekilli".

Uyda uni kutib turgan jufti voqeani angladi-yu,  qurbonlikni tarqatish uchun mashinasini qizdirib, ayoli bilan uzoq qishloqqa qarab yo‘lga otlandi. 

Shahar tez orada tugab, xaroba kulbalaru, qo‘li mehnatda bosh ko‘tarmay ishlayotgan odamlarga to‘la qishloq yo‘llari boshlandi.

Paxsa devorlar chetida nuragan qishloq yo‘llariga er-xotin umid bilan ko‘z tikib borisharkan, dillardagi niyat - ayni "tavakkul"ga xos edi:

"Allohim, o‘zingdan rizq so‘rab mustar turganni bizning yo‘limizga chiqargin".

Masjid yonida turgan keksa amaki cho‘ntagidan pul chiqazib, nimanidir chamalagancha novvoyxona tomonga asta odimlayapti.

"Shu odam!" dedi ayol juftiga asta ko‘z tashlab olib. 

Mashinadan shoshib tushgan er xaltalardan birini ko‘tarib, amakining ortidan bordi. 

Cholning qo‘llariga qora xaltani tutqazarkan, u avval ko‘zoynagini to‘g‘irlab olib, obdon bu notanish chehrani eslamoqchi bo‘lib tikildi. Eslolmadi shekilli, keyin kimligini surishtirib ko‘rgisi keldi.

Birozdan so‘ng chol uning qo‘llarni ikki kafti orasiga olib, chin dildan rahmat ayta boshladi,  ohirida esa bu qo‘llar duoga ko‘tarildi.

Ayol barini mashina ichidan ko‘rib-kuzatib o‘tirarkan, ich-ichidan qalbi sevinch va shukronalikka to‘la holatda o‘zi ham kaftlarini duoga ochdi:

"Allohim o‘zing dargohingda qabul qilgin va bizdan rozi bo‘l!".

Yana qishloq kezishni davom ettirishdi.  

Yo‘l chetida o‘tib ketishlarini kutgancha, yuzini berkitib turgan kampir, ikki qo‘lida zil-zambil sumka bilan yurib borayotgan og‘iroyoq kelin ham xursand holda bu mashinadagilarni ortidan kuzatib qoldilar.

Yalangoyoq yugurib yurgan bolakaylar, devori ostiga qizil kesak surtayotgan, turishidan devorni ham o‘zi oqlagandek tuyulgan yigit, boshini quyi egib ketayotgan yana allakimlar ularni alqab-alqab ortda qolishdi.

Yuk yengillab, endi ular uyga qayta boshlashgandi. 

O‘rindiqdagi savatda endi ikki dona qurbonlik go‘shti solingan sumka qolibdi. 

Shaharga kiraverishda chiqindi tashuvchi mashina ro‘paralaridan chiqib qoldi. Ikki ishchi, biri pastga tushib, odamlar devoriga suyab qo‘ygan chiqindi qoplarni mashinaga ortyapti, boshqasi esa mashinani sekin haydab boryapti. 

Oxirgi xaltalardagi ehsonni bu ikki ishchi qo‘llaridagi katta qo‘lqoplarini yechib, qo‘ltiqlariga qistirgan ko‘yi mamnun qabul qilib oldilar. 

Mashina yurib ketguncha ortilaridan qo‘l silkigancha qolishdi.

Ummu ZAYNAB.