Ehtiyojmand qatlam doimo e’tiborda

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Shodiyor Ahmedov Bulung‘ur va Urgut tumanlari sektor shtablarida bo‘lib, sektor a’zolari bilan uchrashdi. Amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

Bulung‘ur tumanidagi “Xurshid Safarov dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari 5 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlagan.

Urgut tumanidan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan “Smart hygiene facilities” MChJ rahbari Jamol Hamidov tomonidan tumandagi 4-sektor hududida joylashgan Kamardon mahallasidagi ehtiyojmand va kambag‘allar ro‘yxatida turgan 5 nafar oila a’zolari, jumladan, Zaynura Mavlonova va Madina Mansurova doimiy ishga qabul qilindi.

Viloyat 4-sektor rahbari korxonalarning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga hukumatimiz tomonidan berilgan yengilliklar va soliq imtiyozlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

– Koronavirus pandemiyasi davrida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmonlari mazmun-mohiyati xususida aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar vakillariga atroflicha tushuntirilmoqda, – deydi sektor rahbari. – Ayni murakkab bir davrda taqdim etilgan yengillik va imtiyozlar tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Zero, bu iqtisodiyot tarmoqlariga pandemiyaning salbiy ta’sirini yumshatishga, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarining barqaror faoliyat yuritishiga zamin yaratadi. Sektor hududidagi ehtiyojmand oilalar a’zolari bandligini ta’minlashga ko‘maklashish ham doimiy diqqat-markazimizda. Hududlarga chiqib, ish beruvchilarning sharoitlari bilan tanishyapmiz.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.