Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ehtiyojmandlarga muruvvat ko‘rsatildi

Viloyatimizda Ramazon oyi munosabati bilan aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlami, keksalar va bemorlar holidan xabar olinib, ularga muruvvat ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda Urgut tumanidagi masjidlar imom-xatiblari homiylar ko‘magida moddiy ko‘makka muxtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor 189 oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va uy-ro‘zg‘or buyumlari, shuningdek, naqd pul shaklida 75 million so‘mlikdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatdi. Shuningdek, ehtiyojmand 30 oila vakillari uchun iftorlik dasturxon yozilib, sovg‘alar ulashildi.
– Yaratganga shukr, xalqimiz saxovatli, savobli ishlarda kamarbasta, – deydi Urgut tumani bosh imom-xatibi Abdug‘ani Hasanov. – Tadbirkorlarimiz, savobli ishga bosh qo‘shishni niyat qilgan yurtdoshlarimiz masjidlarimizga yoki mahallaga borib, Ramazon oyida xayriya qilmoqchi ekanligini aytib, qaysi oilalar ko‘makka muhtojligini so‘rayapti. O‘zlari bilgan oilalar, qo‘ni-qo‘shnilariga saxovat ko‘rsatayotganlar ham ko‘p. Yana ko‘pchilik katta-katta iftorlik marosimlari o‘tkazish o‘rniga, bu tadbirlarga ketadigan oziq-ovqatni oilalarga bo‘lib bermoqda. Bunday xayrli ishlar odamlarning bir-biriga mehr-oqibatini mustahkamlab, elimiz o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlaydi.
Bu kabi muruvvat tadbirlari Bulung‘ur va Ishtixon tumanlarida ham tashkil etilib, 130 dan ortiq xonadonga 65 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Xususan, Ishtixon tumanidagi ijtimoiy xonadonlarda yashovchi 23 oilaga oziq-ovqat mahsulotlar tarqatildi.