Ehtiyot bo‘ling, quyosh nuri allergik reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin
Mutaxassislar jazirama kunlarda quyosh nuri allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirmoqda.
Xususan, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi ma’lum qilishicha, terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida yuzaga keladigan kasallik fotodermatit deb ataladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.
— Quyosh nurining o‘zi allergen hisoblanmaydi, — deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishganda allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin.
Oqibatda ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘, kuyish ko‘rinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishi va shishlar ham kuzatiladi.
Toshmalar jazirama ta’sir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil bo‘ladi.
Ko‘pincha fotodermatit belgilari muolajalardan so‘ng yo‘qolib ketadi. Ammo bu holat insonni umr bo‘yi ta’qib qilishi ehtimoli ham mavjud.
Xo‘sh, bunday vaziyatda nimalarga alohida e’tibor qaratish lozim?
Avvalo, soat 10:00 dan 15:00 gacha soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi.
➖ Imkon qadar yopiqroq kiyinish kerak.
➖ Sezuvchan teri uchun mo‘ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
➖Ba’zi dorilar fotodermatitni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi mumkin. Shu bois preparatning qo‘llash ko‘rsatmalarini diqqat bilan o‘qish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.
➖Atopik dermatitni davolashda qo‘llaniladigan "Elidel" yoki "Protopik" surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan so‘ng oqshomga qadar ishlatgan ma’qul.