YeI Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mojaro qurbonlari uchun 270 ming yevro ajratadi

Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston va Tojikistonda sentyabr oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgan chegara qurolli mojarosiga munosabat sifatida 270 ming yevrodan ortiq gumanitar yordam ajratadi, deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqining Tojikistondagi delegatsiyasi.

“Ushbu yordam Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati, shuningdek, Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati, Rasht vodiysi va Laxsh viloyatining eng ko‘p jabrlangan hududlaridagi 12 mingga yaqin aholini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Yevropa Ittifoqining moliyaviy yordami Qirg‘iziston va Tojikiston Qizil Yarim Oy jamiyatlari orqali har ikki mamlakatdagi jabrlangan oilalarga, ayniqsa, uy-joyidan ayrilganlarga yordam sifatida pul grantlarini tarqatishda yo‘naltiriladi.

Yordam, shuningdek, salomatlik va gigiyenani targ‘ib qilish, gigiyena vositalari bilan ta’minlash, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali ko‘rsatiladi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi bahsli chegarada suv, yo‘l va yaylovlarga yo‘l yo‘qligi bilan bog‘liq mojaro 14 sentyabr kuni qurolli to‘qnashuvga aylanib ketganidan so‘ng, 100 ga yaqin odam halok bo‘lgani, 150 mingdan ortiq aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgani xabar qilingan edi. Qirg‘iz va Tojikiston kuchlari o‘rtasida ikki kun davom etgan to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab uylar, jamoat ob’yektlari va infratuzilmalarga zarar yetgan, ko‘pchilik uy-joy, mulk, oziq-ovqat va tirikchilik vositalaridan mahrum bo‘lgan.