Ekologiya: Bugungi beparvolik, ertangi fojia
Taraqqiyot har doim qarama-qarshi ta’sirlarni keltirib chiqaradi, nimalardadir o‘zdirsa, qaysidir jihatlar bilan insoniyatni ortga tortib turadi. Ayni kunlarda buni yaqqol his qilyapmiz.
Yodingizda bo‘lsa kerak, bundan bir necha yil avval shaharlar qiyofasini zamonaviylashtirish maqsadida katta-katta ko‘chalardagi daraxtlar ayovsiz kesildi, o‘rniga yangi nihollar ekildi-yu, kundan kunga “zamonaviy” chiqitlar ko‘payayotgan butun boshli shaharlar ulkan yashil hududlarsiz qoldi. Tabiat jonkuyarlarining o‘sha paytdagi chiqishlari “chinorlar aholi orasida allergik xastaliklarning ortishiga sabab bo‘lyapti” degan vaj bilan to‘lasincha bosti-bosti qilindi. Bunday yirik miqyosdagi xatti-harakat aholi orasida daraxtlar kesilishiga nisbatan ko‘nikish hissini paydo qildi. O‘sha yillarda elektr, gaz ta’minotidagi muammolar tufayli tog‘u dashtlardagi ko‘pgina daraxtlar ham kesilib, o‘tin bo‘lib ketdi.
Yana bir jarayonni asosan mutaxassislar yaxshi biladi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida go‘yoki katta imtiyozlar berildi. Ya’ni, ular faoliyatini tekshirish qisqartirildi. Hatto, ishlab chiqarayotganlari inson salomatligi uchun juda muhim oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan korxonalarda ham sanitariya nazorati olib borishga ruxsat berilmadi. Ekologlar-ku ba’zi sanoat korxonalari yoniga yo‘lay ham olmadi.
Ha, o‘ntagina ish o‘rni yaratgan tadbirkor bu ishning nechog‘lik murakkabligini yaxshi biladi. Lekin tadbirkorga real yordam bilan birga ham o‘zining, ham aholi salomatligiga zid bo‘lgan “imtiyoz”lar berildi...
Xo‘sh, bugun bu xatolar jabrini tortayotgan ekanmiz, uning oldini olish qanchalik murakkab, buning iloji bormi o‘zi? Davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, faollar qaysi masalalarda ko‘proq qat’iyat ko‘rsatishi lozim?
Bu haqda xalqaro ekolog-ekspert To‘raxon HOShIMOV bilan fikrlashdik.
Qurilish maydonining 30 foizi yashil hudud bo‘lishi lozim
- Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi havoda chang zarralar xalqaro me’yorlardan ancha oshib ketgani haqida xabarlar tarqalgani ortidan mamlakatimizda aynan ekologiya masalasida jiddiy qadamlar tashlandi, - deydi To‘raxon Hoshimov. - Birinchi navbatda ekologiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident bo‘ysunuviga o‘tgan milliy qo‘mitaga aylandi. Bu juda muhim, sababi, uzoq yillik xatolarni tuzatish, ona tabiatimizni va aholi salomatligini asrash uchun kuchli siyosiy iroda va qat’iy amallarni bajarish lozim. Bu qo‘mita qoshida bir nechta yo‘nalishlarni qamrab olgan maxsus komissiyalar tuzildi, viloyatlarda uning ishi jonlandi.
Bu yil mamlakatimizda yog‘ingarchilik kam bo‘lgani tufayli iqlim o‘zgarishlari yaqqol sezildi. Shuning uchun, avvalambor, atmosfera havosini namlantirish, mavjud fontanlarni yoqish, shahardagi daraxt, o‘simliklarni maxsus mashinalarda yuvish, kanal, kollektorlarni tozalash kabi birlamchi vazifalar amalga oshirilmoqda. Ko‘milib ketgan ariqlarni tiklab, o‘sha yerda maxsus havo-tomchi pardasini tashkil qilish lozimligi aytildi.
Keling, avvalambor, mamlakatimiz havosidagi bu qadar ifloslanishning sabablariga to‘xtalib o‘tsak. Keyingi yillarda shaharlarda yirik qurilishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu qurilish maydonlarida ekologik talablar asosida qator amaliy ishlar bajarilgan bo‘lishi kerak. Xususan, qurilishlar atrofida maydonning 25 foizini yashil hudud tashkil etishi lozim. Yangi qurilish maydonlaridagi daraxtlar saqlanib qolishida jamoatchilik nazorati o‘rnatish uchun ushbu hududlar atrofi ochiqligini ta’minlash kerak. Shuningdek, ekologiya, havo tozaligini saqlashda yana bir muhim jihat, ya’ni shamol yo‘nalishini ham hisobga olish lozim. Shamol yo‘liga qo‘yilayotgan to‘siqlar afsuski mavjud. Ya’ni, katta shaharlarda asosiy shamol yo‘llariga ko‘p qavatli imoratlar gorizontal va perpendikulyar tarzda qurilyapti. Shamol bu binolarga urilib, o‘z funksiyasini bajarolmayapti, ya’ni havo almashinuvi sodir bo‘lmayapti. Bundan ko‘rinib turibdiki, ekologik ekspertiza loyihalarida ham ko‘plab kamchiliklar bo‘lgan.
Bu yumshoq aytilgan gap
Shaharda amalga oshirilayotgan qurilishlarni kuzatar ekanmiz, ular atrofida 25 foiz tugul, 1 foiz ham ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarilmaganiga guvoh bo‘lamiz. Shamol yo‘nalishlari haqida gap ketganda ba’zi ko‘p qavatli uylarning ichki tuzilishiga e’tibor qaratsak. Yaxshi bilasiz, keyingi yillarda qurilayotgan uy-joylarning aksariyati bir tomonlama qurilmoqda. Ya’ni, kvartira derazasi faqat bir tomonga qaratilgan. Quyosh chiqish va botishi ko‘rinishi lozim bo‘lgan, ikki tomonlama havo almashib turadigan xonadonlar, afsuski, o‘tmishda qolib ketdi.
Xo‘p, bu qurilishlar uchun ekologiya ekspertizasi xulosasi olinganmi? Bo‘lsa, nega bunchalik nomuvofiqliklar bor? Shu o‘rinda ko‘pchilikda bu xulosalar, ehtimol, korrupsiya holati bilan olingandir, degan fikr paydo bo‘ladi. Yana bir taxmin, kuchli bosimni ham nazardan qochirmaylik.
Zararli gazlarga rezina changi ham qo‘shiladi
Ekologiya yomonlashuviga sabab bo‘layotgan yana bir omil – avtotransport vositalari. Yurtimizda shu kunlarda, statistikaga ko‘ra, 5 milliondan ortiq avtotransport vositasi bor. Samarqandning o‘zida 500 mingga yaqin avtomobil bor, shuningdek, tranzit tarzda bir kunda 300 mingga yaqin avtomobil viloyat hududidan o‘tadi.
- Bugun yoqilg‘i orqali atmosferaga yetkazilayotgan zararlarning oldini olish bo‘yicha ancha ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lyapmiz, - deydi T.Hoshimov. - Xususan, benzin yoqilg‘isi bilan harakatlanayotgan avtomobillar havoga 78 foiz zaharli gazlarni chiqarsa, propan yoqilg‘isi orqali bu ko‘rsatkich 57 foizgacha tushirildi. Keyinchalik metan yoqilg‘isi orqali 27 foizga tushdi. Mana, keyingi yillarda elektromobillar ko‘payib qoldi. Bu borada masalada yaxshi o‘zgarishlar borligini kuzatyapmiz, ammo yana bir muhim masala bor. Har bitta mashina bir yilda atmosferaga 10 kilogramm miqdorda rezina changini tashlaydi. Asfalt va rezinalarning ishqalanishi oqibatida atmosferaga rezina changi va turli noorganik moddalar chiqariladi. Bu raqamlarning oshishiga sabab bo‘layotgan omillar ham bor. Keyingi paytda yo‘llarda turli sun’iy to‘siqlar, ya’ni do‘mpaklar paydo bo‘lyapti. Ayniqsa, mahalla yo‘llarida hech qanday ruxsatsiz aholi tomonidan juda qisqa masofalarda shunday to‘siqlar o‘zboshimchalik bilan qo‘yilmoqda. Vaholanki har bir mashina belgilangan tezlikda maromida harakatlanishi kerak. Doimiy ravishda tezlikni keskin kamaytirish va oshirish yoqilg‘ini ikki baravar ko‘p miqdorda sarflashga to‘g‘ri keladi. Sun’iy yo‘l to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha takliflarimiz inobat olinib amaliy ishlarga kirishilgan.
Tanganing ikkinchi tomoni
Tabiiyki, yo‘ldagi sun’iy to‘siqlar bejiz qo‘yilmayapti. Quyidagi raqamlarga e’tibor bering, shu yilning to‘qqiz oyida viloyatda 747 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va ularning 44 foizi piyodalarni urib ketish holati bilan bog‘liq. Bu hodisalarning 114 tasi tezlikka rioya etilmagani tufayli sodir bo‘lgan. Shu sababli aholi shunday do‘mpaklar qurishga majbur bo‘lmoqda.
Avtomobillarning zararli chiqitlari haqida gap ketganda ba’zi raqamlarni keltirib o‘tish joiz. Chiqit gazlari tarkibida taxminan 220 ta zararli modda, jumladan, uglerod oksidi (CO), uglevodorodlar (CH), azot oksidi (NOx) va boshqa gazlar mavjud. Inson salomatligi uchun eng xavflisi yurak-qon tomir va nafas olish tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadigani uglerod oksidi va azot dioksididir.
Avtomobil kuniga o‘rtacha 1 kilogrammgacha chiqindi gaz chiqaradi. Chiqindi gazlarning kimyoviy tarkibi nafaqat inson salomatligi, balki hayvonlar, o‘simliklar, tuproq va suv uchun ham xavflidir. Bundan tashqari, mamlakatimizda quruq ob-havo tufayli atmosfera havosida 8-9 oy davomida chang bo‘ladi. Chang zarralari inson tanasi uchun ham zararli bo‘lib, nafas olish yo‘llari kasalliklari, dermatit, konyunktivit va boshqa kasalliklarga sabab bo‘ladi.
Chiqit gazlari tarkibida qo‘rg‘oshin bo‘lishi mumkin, bu aqliy rivojlanish uchun xavfli va ayniqsa, bolalar uchun zararli, chunki ular zaharli metallga ko‘proq sezgir.
Chang-gaz tozalash uskunalari qaysi tashkilotda bor?
- Har bir qurilish ob’yekti ekologiyaning xulosasini olishi kerak, bunda yer tanlashdan tortib uning atrofini ko‘kalazorlashtirishgacha ko‘zda tutilgan, - deya suhbatni davom ettiradi T.Hoshimov. - Qurilish amalga oshirilayotgan hududlarda havoni 91 foizgacha changlardan tozalab beradigan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishi belgilangan. Jamoatchilik eshituvi o‘tkazilmasa, ekologiya mas’ullarining xulosasi bo‘lmasa, qurilishni boshlashga ruxsat berilmasligi kerak. Ekspertiza xulosalari berilayotganda birinchi navbatda hududda daraxtlar mavjudmi-yo‘qmi, o‘rganiladi. Yaxshi bilasiz, bugungi kunda mamlakatimizda belgilangan talablarga ko‘ra, 78 turdagi daraxtlarni kesishga moratoriy o‘rnatilgan.
Har yili Samarqandda 17,5 million tup daraxt ekilmoqda. Lekin ularning ko‘karib ketishi qanday bo‘lyapti? Bu masalani o‘rganish uchun hokimliklar qoshida maxsus komissiyalar tashkil etilyapti.
Ishlab chiqarish sanoat korxonalari atrofida albatta yashil belbog‘lar bo‘lishi kerak. Bu atrof-muhitga tashlanayotgan zararli chiqindilarning oldini olish uchun juda muhim. Birinchi toifadagi korxonalarga (ya’ni, atmosferaga zarari miqdori katta bo‘lgan) 2026 yil mart oyiga qadar avtomatlashtirilgan nazorat taftish uskunalari o‘rnatilib, shu korxona tomonidan atrofga tashlanayotgan zararli moddalar miqdori bo‘yicha ma’lumot berib boriladi.
Sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini bartaraf etish ham asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Uzoq yillar davomida ekologlarning bu masaladagi roli haminqadar bo‘lib keldi. Chunki tadbirkorlar faoliyatiga aralashish faqat Biznes-ombudsman nazoratida bo‘ldi. Ya’ni, ekolog xodimlar u yoki bu korxonaning ekologiyaga keltirayotgan zararini o‘rganish uchun unga murojaat bo‘lishi, shundan so‘ng Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘sha korxonaning atrof-muhitga nechog‘lik zarar keltirayotganini o‘rganish mumkin edi. Yaqindagina bu masalada o‘zgarish qilindi - endilikda qo‘mita to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu vakolatga ega bo‘ldi.
Bugun viloyatda 5 mingga yaqin sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatadi. Ular orasida oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar soni jihatdan birinchi o‘rinda bo‘lsa, qurilish materiallari, shinalar ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ikkinchi o‘rinni egallaydi. Xo‘p, qaysi sanoat korxonasi atrofida yashil belboqqa ko‘zingiz tushdi? Bu masalada ham afsuslanarli holatdamiz.
To‘g‘ri, keyingi yillarda sanoat korxonalarida atmosferaga zararli chiqitlarni chiqarishning oldini olish uchun qator uskunalar o‘rnatilyapti. Ammo ekologiya haqida tasavvuri ham bo‘lmagan, ishchi-xodimlar hayotiga xavf soladigan oddiy texnik qoidalarga rioya etmaydigan korxonalar qancha?!
Yuz minglab insonlarni ish bilan ta’minlashga, mamlakatdagi iqtisodiy ahvolni yaxshilashga hissa qo‘shayotgan ushbu korxonalarning to‘laqonli faoliyati muhim dastaklarimizdan biri. Lekin bunday dastak ekologiya, keyinchalik millionlab davlat pullari sarflanishiga sabab bo‘layotgan salomatlikka sarflanishi hisobiga bo‘lmasligi kerak. Aks holda uning asoratini yillab yo‘qotolmay ovora bo‘lamiz, iqtisod rivoji uchun ishlagan dastak, ijtimoiy himoya hisobiga tarozi pallasini ko‘tarib yuboradi.
“Toza havo” qog‘ozda emas, amaldagi milliy loyihaga aylansin!
Ekologiyadagi bu muammolar ortidan yaqinda tuzilgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov mamlakatda shu yaqin yillarda vaziyatni o‘nglash uchun tuzilgan “Toza havo” milliy loyihasini jamoatchilikka taqdim etdi. Ushbu loyihada juda ko‘p chora-tadbirlar belgilangan. Ular orasida yirik yashil hududlar tashkil etishdan tortib, issiqxonalarni bosqichma-bosqich gaz yoqilg‘isiga o‘tkazish, shina, mazut va boshqa chiqindilarni yoqish uchun jarimalar miqdorini keskin oshirish ham bor.
Shuningdek, Ai-80 benzini sotuvini taqiqlash, qurilish korxonalariga chang miqdorini kamaytirish yuzasidan qator choralar ko‘rish lozimligi, ekologik jarimalarni bir necha baravarga oshirish, ekopolitsiya tizimi orqali nazoratni kuchaytirish, chiqindi poligonlari nazoratini davlat o‘z zimmasiga olishi, “zararlanish kadastri” tizimini ishlab chiqish orqali aholini bevosita nazoratga jalb etish kabilar nazarda tutilgan.
...Ayni kunlarda kechqurun toza havoda sayr qilay, deb ko‘chaga chiqsangiz, shaharning ayniqsa, biz “super” deb ataydigan hududida kuyuk bir hiddan ko‘nglingiz ag‘dariladi. Bu qo‘lansa hid kunduzi atmosferaga tashlangan transport vositalarining zaharli gazlaridan tortib, o‘sha hududdagi qator sexlardan chiqqan tutunlarni o‘zida mujassam etgan. Bu ham kamlik qilganday, aholi orasida barg-xazonni to‘plab, yoqish holatlari ham uchrab turadi. Ahvolimiz hozircha shunday. Lekin endi jiddiy kirishmasak, keyin kech qolamiz. Birinchi navbatda o‘zimiz, har birimiz kirishaylik! Toza havo faqat qog‘ozda emas, amalda ham chini bilan milliy loyihamizga aylansin!
Gulruh Mo‘minova.