El ehtiromi yoxud Surxonda qolgan sog‘inch
Inson hayotida shunday porloq damlar bo‘ladiki, bu damlar unga bo‘lakcha kuch-qudrat, quvvat hadya etib, ancha paytlar uning nash’asi bilan sarmast bo‘lib yuradi. Allohga ming qatla shukrki, bunday latif damlar menga ko‘p nasib etgan. Ammo yaqindagisi, nazarimda, ularning hammasidan o‘tib ketdi.
Bir qo‘ng‘iroq hayajoni
Shunda zarur bir yumush bilan idoradagi qo‘shni xonaga endigina kirgan edim. Ortimdan yordamchi qiz Sayyora yugurgilab kirdi. Qo‘lida men ish stolimda esdan chiqarib qoldirgan qo‘l telefonim.
Domla, domla, sizni Samarqanddan so‘rashmoqda.
Xayolimga lahzada shunday o‘ylar urildi: “Samarqand… Samarqand... U yoqda menga kim telefon qilishi mumkin-a.? Adashmasam, to‘g‘risi, gaplashib-so‘zlashib yuradigan yaqin qadrdonim yo‘q edi-ku?” Shu bois ajablangan ko‘yi telefonni qulog‘imga tutdim.
Undan juda-juda yoqimli, shiringina tanish bir ovoz eshitildi. Bu ovoz menga g‘oyat yaqin va juda-juda qadrdon edi. Tanamni bor bo‘yicha hayajon qurshab oldi.
- Assalomu alaykum, Erkinjon! Assalomu alaykum, o‘zimning hokim ukam. Samarqand – “zaminning sayqali” qanday? Ishlarni gurillatib davom ettiryapsizmi?
- Rahmat, ko‘p rahmat, Toshtemir aka! Tani-joningiz sog‘mi? Uydagilar eson-omonmi? Hozirgina keksalar bilan qizg‘in muloqotdan chiqdim. Ishoning, ularga sizning jasoratli hayotingiz haqida so‘zlab berdim. Axir “Jasoratli” degan so‘z sizga g‘oyat yarashadi-da! Olimlik, o‘nlab kitoblarga mualliflik, yana Denovday adabiy muhitni boshqarish, ularga mudom bosh-qosh bo‘lish, 76 yoshda ham yigitona kuch-qudrat bilan tumanning ma’rifat ishlariga yetakchilik qilish - buni men jasorat deyman.
Toshtemir aka! Men Surxondaryoda ishlagan davrimda bir narsaga qattiq amin bo‘ldim, faxrlandim. Ishoning, xayolimda sizning yoshingizga yetib, sizning yoshingizda ham el qarovida bo‘lib yurishni orzulayman. Shu yoshda ham sizga nainki Surxondaryo, hatto Toshkent talpinadi. Shu talpinish tufayli o‘tgan yilning 15-17 aprel kunlari Denovda adabiyot bayramini o‘tkazdingiz. Uch kun-a! Shunda men bu ulkan anjumanni ilgarilari bo‘ladigan uch kunlik sunnat to‘ylariga mengzaganman. O‘shanda Denovga respublikamizning hazilakam odamlari emas, zo‘r-zo‘r shoir-yozuvchilari-yu, akademik olimlarigacha saf-saf bo‘lib borgan edi.
- Rahmat, rahmat, Erkinjon! Bilasizmi, men sizni rasmiy davralarda ham “Erkinjon Turdimov” demaganman. Erkim sig‘ib, ustoz ko‘nglidan chiqqan shogirdini mehrlaganday, suyganday bo‘lib, “Erkinjon” derdim. Bugungi telefoningizni qarang-a… Bir boshqacha bo‘lib ketdim. Rahmat, ming bora qulluq-yey! Dunyo turguncha turing. Amir Temur yurtiga sulton bo‘lish hazilakam narsa emas, ukam.
- Aytmoqchi, Toshtemir aka, Denovda sizga bergan gapim - gap. Va’dam - va’da. Men yaxshi eslayman. Shunda katta yig‘indan chiquvdim. Yig‘inni bilasiz, gohi gohida biroz ko‘ngilxiralik bilan… sal toliqqanday bo‘lib turgandim. Kutilmaganda siz kelib qoldingiz. Xuddi ota farzandini bag‘riga olganday bo‘lib meni bag‘ringizga oldingiz. Endi aytay, shunda men ham bir boshqacha bo‘lib ketdim. Shunda sal og‘irroq o‘tgan yig‘indan toliqish, ayrim xira voqealar tutuni birdan tarqab ketganday bo‘ldi. Siz bor vujudingiz bilan chiroyli keksalik suratida menga jilmayib qarab turardingiz.
“Erkinjon, - dedingiz yig‘indagi voqealardan xabardorday bo‘lib, - o‘zingizni ko‘p… charchatib qo‘ymang. Agar malol kelmasa, sizni bir piyola choyga taklif etsam degandim”, dedingiz. Men shunda “Sabab”, dedim. “Sababi, kecha Termizda ko‘ksimga taqib qo‘ygan “Do‘stlik” ordenini sharaflaymiz”, dedim. “Boshqa payt bo‘lar, aka. Ammo bugun ishonsangiz har minut vaqtim o‘lchovda”, dedim.
Yo‘q, yo‘q, endi sizdan kechirim so‘rayman. Vaqtim har qancha tig‘iz, o‘lchovda bo‘lsa ham shunda sizga hech qursa yarim soat vaqt ajratishim kerak ekan.
- Rahmat, ukam, rahmat.
- Toshtemir aka, sizni Samarqandga taklif etaman. Mana, kuz yaqinlashib, kunlar salqinlab boryapti. O‘zim sizni Samarqandni aylantiraman, keksalar gurunglariga olib o‘taman.
- Ko‘nglim tog‘day o‘sdi, Erkinjon. Kam bo‘lmang. Bilaman, siz adabiyotni g‘oyat yaxshi ko‘rasiz, yaxshi kitoblar jonu dilingiz. Agar yo‘q demasangiz, bir she’r aytsam.
- Qaniydi, bir maza bo‘lardi.
- Samarqanddir, Buxorodir, oftobjamoldir,
Jahon aro davralarda totli maqoldir.
Beshigim der uni butun ulug‘ Osiyo,
Beshigida ulg‘aymishdir Ulug‘bek, Sino.
- Zo‘r she’r ekan, o‘zingizdanmi, Toshtemir aka?
- Yo‘q, Jamol Kamoldan.
Xayrlashib, telefonni stol ustiga qo‘yar ekanman, unga xuddi endi ko‘rayotgandek tikilardim. Telefon ko‘zimga juda-juda issiq, bir boshqacha ko‘rinardi.
Hayrat
Erkinjon Trudimov Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lgan paytlar. Esimda, ertalab soat to‘qqizlar edi. Tuman hokimining yordamchisi meni tuman hokimi yo‘qlayotganini aytdi. Tabiiyki, shoshilinch tarzda uning istiqboliga oshiqdim. Salom-alikdan keyin u kishi shunday dedilar:
- Toshtemir aka, sizni viloyat hokimi Erkinjon Oqbo‘tayevich yo‘qlayaptilar. Bugun tushdan keyin soat ikkilarda u kishining qabuliga borarkansiz.
- Nega? Biror sababini aytdimi?
- Yo‘q, aytmadilar.
Xullas, yo‘lga chiqdim. To‘g‘risi, xayollarim ayqash-uyqash edi. Savollar tinchimni buzardi. “Viloyat hokimining menda qanday ishi bo‘lishi mumkin? Shaxsan-a? Men bor-yo‘g‘i tumanning ma’naviyat ma’rifat bo‘limining rahbari bo‘lsam. Qiziq?”
Har xil o‘y va xavotirlarim u kishining ishxonasida tumanday tarqab ketdi: meni g‘oyat ochiq chehra va ochiq ko‘ngillilik bilan qabul qildi.
-Assalomu alaykum, Toshtemir aka, avvalo sizdan uzr so‘rayman. Men sizni tashvishga qo‘ygandayman. Bilasizki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich davlat rahbari sifatida lavozimga kirishgan ilk kunlardanoq kitob, kitobxonlik va mutolaa masalasiga katta e’tibor qaratdilar. Bu borada qator qaror va farmoyishlar qabul qilinib, davlat dasturlari amalga oshirilayotir. Uzr so‘rashimning sababi shuki, sizni ovora qilmay, Denovga borganimda uchrashsam bo‘larmidi. Shu bahonada ko‘pchilik maqtayotgan akademik kutubxonangizni ham ko‘rgan bo‘lardim.
- Bemalol. Ishdamizmi, ishni bajarishimiz kerak va shart.
Kitob, kitobxonlik, kitobning hozirgi sharoitdagi o‘rni haqidagi qizg‘in suhbatimiz bir soatdan ko‘proq davom etdi. To‘g‘risi, tabiatimda bir o‘jarlik bor. Uncha-muncha mutaxassislarning bilimi va dunyoqarashidan ko‘p qoniqmayman.
Erkinjon Turdimov esa bir boshqa dunyo edi, hayratlanarli dunyo edi. Mutaxassisligi iqtisodchilik bo‘lsa-da, adabiyotni mendan, filologiya fanlari nomzodidan-da zo‘r bilardi. Hatto Yusuf Xos Hojibning mashhur “Qutadg‘u bilig” asaridagi she’riy satrlarni yod aytganda, rosti, xayolimdan “Hali bizlar hech kim emas ekanmiz”, degan fikrlar o‘tganini endi bugun ro‘y-rost va dangal aytgim keladi.
U kishining quyidagi fikrlari hamon qulog‘im tagida jaranglaydi. “Bolaligimdan eshitib yurgan maqol va matallarim, betakror ertaklar zehnimni charxlagan, go‘yo ular bolalik hayotimga ziynat bag‘ishlaganday. Albatta, ilk bora ertak kitoblarni o‘qiganman. Ertaklar ta’sirida hayotga muhabbat, oilaga, ota-onaga mehr, do‘stu yorga sadoqat, kelajakka umid, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va adolat tantanasiga ishonch tuyg‘ulari paydo bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan ulg‘ayib hikoya va asarlarni o‘qiy boshlaganman. Abdulla Qahhorning hikoyalarini ko‘p o‘qiganman, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi” degan asarlari shular jumlasidandir.
Ammo Surxondaryoda kitob, kitobxonlikka munosabat ko‘nglimni to‘ldirmayotir. Kutubxonalar ancha nochor. Ko‘plari nomiga, kitob fondi juda kam. Ba’zilarida 100 turga ham yetmaydi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, el o‘z shoir-yozuvchilarini bilmaydi, tanimaydi. O‘qimasa, axir, qanday bilsin. Qisqasi, kitobdan - O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov naqllagan “sakkizinchi mo‘’jizadan” bebahra qolmoqda. Qisqasi, men bu haqdagi fikrlarimni yozib, qoralab qo‘yganman. Mana ular. Suhbatimizga kerak bo‘lgan joyda shulardan foydalanarsiz.
Viloyat hokimi bu gaplar bilan yuragimga o‘t tashlagandek bo‘ldi. Unga mehrim avvalgilarga qaraganda ham go‘yo yuz chandon oshgandek edi. Boshida ming bir tashvish bo‘lgan bu odamning kitobxonlikka qaytmog‘imiz shart, kitob yo‘li odamzod uchun o‘zlikka qaytish yo‘li, kamolot yo‘lidir, deb aytishlariga havaslanib qarab turardim,
Qisqasi hokimning kitob, kitobxonlik, bu yo‘ldagi murakkab muammolar haqidagi fikrlari jamlanib, “El o‘z shoir-yozuvchisini tanisin” degan maqola tayyor bo‘ldi. Bu suhbat ruknidagi maqola respublikadagi ajoyib gazeta – “Kitob dunyosi”ga chiqib ketdi. Maqola qizg‘in qarshi olindi. O‘nlab gazetalar ko‘chirib bosdi. Maktablarda, kollejlarda va mehnat jamoalarida ishlab chiqildi. Eng muhimi shundaki, kitob, kitobxonlik va kutubxona ishlarida birdaniga jonlanish sezildi. Viloyat hokimi esa qaysi tumanga borsa, albatta, uchta-to‘rtta kutubxonani ko‘zdan kechirishni kanda qilmasdi.
G‘ayrati chaqmoqday yigit
Erkinjon Turdimov g‘oyat g‘ayratli, g‘oyat kuyunchak, charchash nimaligini sira-sira bilmaydigan rahbar yigit edi. U viloyatdagi 14 ta tumanni qarichma-qarich bilardi, desam gaplarimga ishonavering. Ayniqsa, uning eng ko‘p qatnaydigan joyi Oltinsoy tumani edi.
Tuman viloyatda eng kenja tuman bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarish rivojlanmagan, sanoat korxonalari deyarli yo‘q, bu qoloqlik esa har qadamda bilinar, olg‘a siljishga to‘sqinlik qilardi. Viloyat hokimi haftada, ba’zi paytlari esa ishoning, kun ora bu tumanga qatnaydigan bo‘ldi. Yashirib nima qilamiz, avvallari viloyatga yetakchilik qilgan hokimlar besh olti yil bo‘lgan bo‘lsa-da, hayotlarida bu qoloq tumanga bir yoki ikki marta kelgan, xolos. U aslo charchamasdi. Erinmasdi. Yigit joni bilan ishlardi. Oltinsoyda bo‘lganimda menga u kishining qattiq qishda tog‘ etagidagi notekis yo‘ldan - Xo‘jaipok darasidan Vaxshivor qishlog‘iga o‘tganini hayrat bilan gapirib berishdi. U goh Vaxshivor, Lo‘kka, Chinor qishloqlariga chiqib ketar, u yerdagi hal etilishi qiyin bo‘lgan va ko‘pdan beri elni qiynab kelayotgan muammolarni g‘oyat tadbirkorlik, “qo‘li uzunlik” bilan hal qilardi. Uning odamgarchiligi va mehridan iqtisodiy nochor oilalar, ayniqsa, keksalar huzur topardi.
Bir kelganda tuman markazidagi ko‘p qavatli uylarning nochor ko‘rinishi va ularning hovlisidagi ko‘rimsizlik e’tiborini tortdi. Uning tashabbusi bilan “Bo‘ston” mahallasi haqiqiy qurilish maydoniga aylandi. Hozir o‘tgan-ketganlar “Endi bu joylar “Bo‘ston”dek joyga yarashibdi, deyishmoqda. Erkinjon Turdimovning nazaridan maktab, o‘qish, o‘qitish va ayniqsa, davolash maskanlari chetda qolmasdi. Ulardagi tartibsizlik, parokandalikni sezib, bu yerlarga ishchi guruh a’zolarini safarbar etdi. Bu safarbarlik yakuni 7 iyul kuni tumanda o‘tkazildi.
Yig‘ilish g‘oyat keskin o‘tdi. Rahbarlikni eplay olmayotgan mutasaddilarga keskin choralar ko‘rildi. Tuman hokimi muovinlaridan ayrimlari va markaziy shifoxona bosh vrachi shu joyning o‘zida ishdan olindi.
Shu yig‘ilishda yana bir qiziq holat kuzatildi. Bu kuzatuv odamlarda hokimga insbatan hurmat va e’tiborini yanada oshirib, hatto havasini keltirdi. Hokimning qo‘lida respublika gazetalaridan biri turardi. U qo‘lidagi gazetaga ishora qilib, yangigina tayinlangan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga yuzlandi:
- Sizni “Oydan tushgan mudir” deb yozishibdi. O‘qidingizmi, o‘zingiz haqidagi shu maqolani? Ishingizni o‘nglang, yaxshi yigit.
Shunda el viloyat hokimiga g‘oyat gazetxon, o‘qimishli, nazaridan hech narsa chetda qolmaydigan rahbar sifatida tan berdi.
Fenomen odam
Yaqinda Denovga O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sirojiddin Sayyid tashrif buyurdi. Bu iste’dodli shoir bilan u kishi yosh bo‘lsa-da gapimiz qo‘shiladi, dilimiz dilimizga to‘g‘ri keladi. Shu boisdan ham boshlangan suhbatlarimiz uzoq uzoqlarga cho‘ziladi. Bu paytlarda har qanday oshpaz ikki uch karra osh pishirib olsa bo‘ladi. Shoir bilan suhbatimiz aylanib-uyrilib yana Erkinjon Turdimovga taqaldi. Buni qarangki, asli surxondaryolik Sirojiddin Sayyid Toshkentda yashasa-da, viloyat hokimining ta’rifini mendan yaxshi bilarkan. Shunda men yaxshi odamlarning ta’rifi hamma joyda gap-gashtak, maqtov bo‘lishiga yana bir bor ishondim.
- Toshtemir aka, - dedi shoir. - Erkinjon Turdimov fenomen odam. Bilasizmi, fenomen odam qanday odam bo‘ladi? Rosti, men avvallari bilmasdim. To‘g‘risini aytganda, bu so‘z qulog‘imga kam chalingan. Bu so‘zni ilk bor atoqli yozuvchi Odil Yoqubovning Abdulla Oripov tavalludiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan yozgan maqolasida uchratgan edim. Ulug‘ yozuvchi shunda ulug‘ shoirni fenomen sifatida talqin etgandi. Bu so‘z, bu atama esa menga shoir ijodiyoti kabi sirli va g‘aroyib ko‘ringandi.
Fenomenlik tushunchasini to‘laroq bilish niyatida “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ni varaqlaganimni hozir sizdan yashirmayman. U “G‘ayrioddiy, kamdan-kam bo‘ladigan hodisa, fakt, his-tuyg‘u tajribasi bilan payqaladigan hodisani anglatuvchi falsafiy tushuncha” deb ta’rif berilgan.
-Balli, ofarin. Chin bahoni endi topdingiz, - deya atoqli shoirning qo‘liga qo‘lni tashladim. - Ayni kunlarda Samarqand viloyatida hokimlik qilayotgan Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov ana shunday fenomen odam.
Ha, mehnat ikki ko‘zdan issiq bo‘ladi. Surxondaryoda sizning issiq mehringiz qoldi.
Toshtemir Turdiyev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.