«El-yurt umidi» jamg‘armasi ilmiy salohiyatni oshirishga, ajdodlarimizga munosib vorislarni tarbiyalashga xizmat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 25 sentyabrdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etilgandi.

2019 yil 4 yanvarda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining dasturlari bo‘yicha kadrlarni o‘qitishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Qarorga muvofiq jamg‘armaning asosiy vazifalari, moliyalashtirish manbalari belgilandi, tuzilmasi, Vasiylik kengashining tarkibi tasdiqlandi. Yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash mexanizmlari ishlab chiqildi. Ta’lim sohasidagi yetakchi xorijiy hamkorlarni topishda diplomatik vakolatxonalar faoliyatini jonlantirishga kirishildi.

“El-yurt umidi” fondi dasturlari bo‘yicha shuningdek, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish uchun nomzodlarni tanlov asosida tanlab olish sxemasi tasdiqlandi. Bu bevosita xorijiy mamlakatlar yetakchi universitetlari, ilmiy markazlar, boshqa kompaniya va tashkilotlarda istiqbolli kadrlarni o‘qitish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirishdan tortib, to har yili dekabr oyi oxirigacha stipendiyalar g‘oliblariga oid ma’lumotni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

O‘tgan yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasini moliyalashtirish uchun 50 milliard so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2019 yilda 72,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Umuman, 2019-2021 yillarda Jamg‘arma stipendiyalari hisobidan 4 ming mutaxassis o‘qishga yuborilishi belgilanib, ajratilgan o‘rinlarning 20 foizi magistratura va doktoranturada o‘qish uchun ajratiladi.

Endi jamg‘armaning Vasiylik kengashi xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingiga ko‘ra, jahondagi eng yaxshi 500 talik yoki tanlangan fan yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi 200 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarning magistraturasi yoki doktoranturasiga mustaqil tarzda kirgan va ta’lim olayotgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga jamg‘arma stipendiyalarini ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

Qarorga muvofiq, nomzodlarni, ayniqsa respublika hududlarida Jamg‘arma stipendiyalarini olishga nomzodlarni xorijiy tillarga o‘qitish maxsus dasturlari ishlab chiqiladi va 2019 yilning 1 aprelidan boshlab ularni xorijiy tillarga o‘qitish maxsus dasturlari asosida maqsadli kurslar o‘z ishini boshlaydi.

- «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan chet el oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarida malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish uchun stipendiyalarga tanlov e’lon qilindi, - deydi Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi xodimi Z.Eshmurodova. – Ushbu stipendiyalar dasturi oliy ta’lim tizimi salohiyatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ikki oygacha bo‘lgan muddatda xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga, 6 oygacha xorijiy ta’lim muassaalari, ilmiy markazlaridan tashqari, davlat idoralari, korxona va tashkilotlarda stajirovka o‘tashga, 1-2 yil mobaynida magistratura, 1-4 yilda doktorantura dasturlari asosida ta’lim olishga yo‘naltiriladi. Jamg‘arma sitpendiyalari tanlovidan o‘tgan shaxslar ushbu dasturlar bo‘yicha ta’limni yakunlaganliklaridan so‘ng mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishi talab etiladi.

Tanlovga hujjatlarni qabul qilish o‘tgan yilning 20 dekabridan, joriy yilning 20 yanvarigacha davom etadi. Hujjatlar onlayn tarzda qabul qilinmoqda. Ayni paytda birinchi bosqich tanlovi uchun universitetimizning 12 nafar yosh o‘qituvchilari va magistrantlari talabgor sifatida hujjat topshirishdi. Yoz oylarida tashkil etiladigan ikkinchi bosqich jamg‘arma stipendiyalariga o‘tkaziladigan tanlovga oliygohimizning 50 nafarga yaqin talabgorlarning hujjatlari tayyorlanmoqda.

Abdug‘ofur SHERXOLOV.