“El-yurt umidi” jamg‘armasi – undan qanday foydalanish mumkin?

Prezidentimizning 2018 yil 25 sentyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi. Xorijiy ta’lim muassasalarida mamlakatimiz uchun mutaxassislar tayyorlash, xorijda yashayotgan ilmiy salohiyatga ega vatandoshlarimiz bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uning asosiy vazifasi etib belgilangan.

Jamg‘arma mamlakatimizning jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.

Tanlovlarning saralash bosqichlari “El-yurt umidi” jamg‘armasi Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan tanlov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bu Prezidentimizning 2018 yil 25 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Nizomda belgilab qo‘yilgan. Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Fanlar akademiyasi, “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster, Inha, Turin politexnika universitetlari, Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti olimlari, “O‘zingni angla” amaliy-psixologik xizmat markazi psixologlari kiritilgan.

Tanlovning birinchi bosqichi tashkiliy jarayondan iborat. Bunda hujjatlar nomzodlarga qo‘yilgan talablar asosida qabul qilinadi. Ikkinchi bosqichda nomzodlar til bilish darajalari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tkaziladi. Uchinchi bosqichda intellektual salohiyatni aniqlaydigan IQ testlarini topshirishadi va mutaxassislik bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi.

To‘rtinchi bosqichda esa xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun nomzodlar til bilish darajasidan imtihon topshiradi.

Jamg‘arma stipendiyalar tanlovi vaqtida birinchi bosqichdagina ishtirok etadi. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida veb-kameralar imtihon jarayonlarini tasvirga olishi yo‘lga qo‘yilgan. Nomzod qo‘yilgan bahodan norozilik bildirsa, ushbu tasvirlardagi yozuvlar tahlili asosida qayta sinovdan o‘tishi mumkin.

Jamg‘arma tashabbusi bilan UzBridge axborot-tahliliy elektron jurnali tashkil etildi. Bu chet ellarda o‘zining professional mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar, ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar va iste’dodli yoshlarning fikr va qarashlarini o‘rganish, ularni mamlakatimiz turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar natijasi bilan tanishtirib borish imkonini beradi. Mazkur elektron-jurnal O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2019 yilgi dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritildi.

Jamg‘arma Nizomida maxsus band kiritilgan. Unga ko‘ra, magistratura yoki doktorantura dasturi bo‘yicha xorijda ta’lim olgan kadrlar egallagan mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’lim yoki ilmiy muassasada, shuningdek, vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlarida 5 yil, malaka oshirish va stajirovka dasturi bo‘yicha tahsil olganlar esa 3 yildan kam bo‘lmagan muddatda uzluksiz ishlab berishi kerak bo‘ladi. Stipendiatning o‘qishi uchun sarflangan xarajatlar 75 ming dollardan oshgan taqdirda, bu muddat 7 yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Stipendiat uzrsiz sabablarga ko‘ra xorijiy ta’lim va ilmiy muassasa talabalari safidan chiqarilganda yoki ta’lim olish muddati nihoyasiga yetgandan so‘ng belgilangan tashkilotlarda mehnat faoliyatini davom ettirishdan bosh tortganda sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar stipendiat tomonidan qoplab beriladi.