Elda e’zoz topgan olim 

Prezidentimizning “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, oramizdagi barcha faxriylarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Ushbu qaror ijrosi doirasida Samarqand davlat universitetida faoliyat olib borgan Qo‘yli Ochilov nomi ham bugun xotirlanmoqda. Zero, olim faxriylar ichida hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lgan insonlardan edi.

Domla 1943 yil 8 mayda Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Chim qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetini bitirib, 1985 yilda Moskva davlat universitetida “Qorako‘l qo‘ylarida irsiy asoslangan belgilarning namoyon bo‘lishi” mavzusida dissertatsiya himoya qildi. Bu bilan biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.

Q.Ochilov 1992 yilda katta ilmiy xodim sifatida izlanishlar olib bordi. 100 dan ortiq ilmiy maqolalar yozdi va nashrdan chiqdi. Shu bilan birga, 3 ta monografiya va ko‘plab o‘quv-uslubiy ishlanmalar yaratdi.

Qo‘yli Doliyevich qayerda ishlamasin, o‘z atrofiga iste’dodli yoshlarni to‘plab, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan va yaqindan yordam bergan. Buni u kishi bilan yonma-yon ishlagan hamkasblari juda ko‘p bor takrorlashadi.

Universitet ekologiya kafedrasi yetakchi professor-o‘qituvchilaridan bo‘lgan Qo‘yli Ochilovning bakalavriat va magistratura kurslari talabalariga o‘qigan maruzalari yangi g‘oyalar, innovatsion texnologiyalarga boyligi bilan ajralib turar edi. Domla umrining so‘nggi yillarida fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlari keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha ham ko‘plab ibratli ishlarni amalga oshirdi. Shu sababli Qo‘yli Doliyevichni butun mahallasida, universitetdagi barcha hurmat bilan xotirlashadi.

B.Fayzullayev,

SamDU dotsenti.

S.Suyarov,

kafedra doktaranti.