Elektr ta’minoti: murojaatlar tingani yo‘q, avariya guruhlari ham 

Tahririyatimizga bo‘layotgan ko‘ng‘iroqlarning aksariyati elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar xususida bo‘lmoqda. Shuningdek, ular navbatchi dispetcherlarning telefonlari ishlamayotganligi sababli bu boradagi muammolar o‘z vaqtida hal bo‘lmayotganini ta’kidlashmoqda. Shu sabab bir nechta shahar va tumanlaridagi elektr tarmoqlari korxonalarining navbatchi dispetcherligiga qo‘ng‘iroq qilib, shu hududdagi vaziyatni o‘rganib chiqdik.

Biroq, Samarqand tumani elektr tarmoqlari korxonasining Do‘stlik (66) 228-11-31) hamda Zarafshon (66) 240-05-65) bo‘limlarining navbatchi telefonlari kun bo‘yi doimo band bo‘ldi. Ishtixon tumani (95) 410-01-69) elektrchilarining navbatchi telefoni esa butunlay ishlamaydi.

Kattaqo‘rg‘on shahar elektr tarmoqlari korxonasi navbatchilik qismi (95-410-08-75)ga qo‘ng‘iroq qildik.

- Kecha ertalabdan fuqarolardan 4 ta murojaat qabul qildik, - deydi navbatchi A.Usmonov. – Shundan 3 tasi bartaraf etildi. Kattaqo‘rg‘on shahridagi Oq oltin, Yakkabog‘ va Do‘stlik mahallalarida qor elektr simlarini uzib yuborgan ekan. Shuningdek, transformatorlarda yuklama ko‘payib ketgani sababli nosozliklar paydo bo‘lgan. 3 ta tezkor avariya brigadalari shu hududlarda bo‘ldi, muammo bartaraf etish jarayonida.

Qo‘shrabot:

-Tumanimiz aholisidan ham har kuni 5-6 ta murojaatlar bo‘lib turibdi, -deydi tuman elektr tarmog‘i korxonasining navbatchi dispetcheri U.Eshnazarov.- Qaysidir mahallada simyog‘och simlari uzilgan bo‘lsa, qaysi birida yuqori kuchlanishli tarmoqda uzilish bor. Aksariyat transformatorlar yuklamani ko‘tara olmay qizib ketyapti. Jumladan, Beshbola mahallasidagi Oqtepa podstansiyasiga qarashli Zarband fideridagi transformatorning sovutib turuvchi transyog‘lari qaynab ketganligi sababli zo‘riqib ishlab, o‘chib qolgan. Hozirda Ishtixon tumanidan kelgan tezkor avariya brigadasi bilan hamkorlikda mazkur muammoni bartaraf etyapmiz.              

Kutilmagan sovuq hammamizni ham tashvishga solib qo‘ydi. Biroq qo‘l qovushtirib o‘tirib bo‘lmaydi. Avariya guruhlari ishlamoqda. Bir-ikki kunda bu qahraton sovuqlar ham o‘tib ketadi. Hammasi o‘z joyiga tushadi. Ammo, nima bo‘lganda ham bugungi kunda aholi dardini o‘ziniki deb bilish va har qanday holatda avariyalarni bartaraf etib borish shart.

D.TO‘XTAYeV.