Elektron raqamli imzo orqali onlayn tarzda Davlat xizmatlaridan foydalaning
O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan murojaatlarning og‘zaki, yozma yoki elektron shakllari mavjud.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi. Murojaatlar shakli va turidan qat’i nazar bir xil ahamiyatga ega.
Bugungi qonunchilik talablariga ko‘ra, elektron raqamli imzo bo‘lmagan taqdirda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanib bo‘lmaydi.
Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak.
Xususan, biror davlat idorasiga ariza, murojaat, taklif yuborish uchun ham siz shaxsingizni tasdiqlaydigan o‘zaro ishonchli hamkorlikni ta’minlaydigan elektron raqamli imzoga ega bo‘lishingiz kerak.
Shundan kelib chiqib, bugungi kunda murojaatning samarali shakllaridan biri sifatida elektron murojaatlarni aytishimiz mumkin.
Bugungi kunda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlaridan foydalanish uchun elektron murojaatlarni yuborishda elektron raqamli imzodan foydalanish majburiy hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunga asosan endilikda, barcha davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillariga o‘zlarining xizmatlarini axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish mas’uliyati yuklatildi.
Bu o‘z navbatida, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishda ularga elektron shakldagi murojaatlarni bevosita davlat organi rasmiy veb-saytiga yoki interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yo‘llash imkoniyatini yaratdi.
Elektron tartibdagi murojaatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda masofadan istalgan vaqtda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat organining veb-saytiga murojaatlarni yo‘llash mumkin.
Elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini berish uchun jismoniy shaxslarga elektron raqamli imzo berish uchun to‘lov eng kam ish haqining 7 foizi miqdorida, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan esa eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida to‘lov undiriladi (Qonun hujjatlarida elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini bepul olish nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
Davlat xizmatlari tomonidan rasmiylashtirilgan elektron raqamli imzo kalitlari davlat va bank xizmatlarining barcha turlaridan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini olish uchun to‘lovlarni tijorat banklari orqali yoki Slick, UPAY va MBANK to‘lov tizimlari orqali onlayn amalga oshirish mumkin.
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga elektron raqamli imzo kaliti yozib qo‘yish va saqlash uchun USB qurilma yoki CD-disk (Kompakt-disk) olib borishlari kerak bo‘ladi.
Shuni eslatib o‘tish kerakki, USB qurilmalari yoki CD-disk (kompakt-disk)larga yozib olingan elektron raqamli imzo kalitlarini kompyuterga ulagan holda foydalanishda tashqi omillardan (viruslardan) himoyalagan holda ishlatilishi kerak.
Aks holda elektron raqamli imzo kaliti virus yuqishi oqibatida zararlanishi hamda yoroqsiz ahvolga kelishi mumkin.
Saqlash uchun o‘zga ma’lumotlar manbaiga (flesh karta yoki kompakt-disk) yozib olingan elektron raqamli imzo kalitining sertifikati yo‘qolgan (bexosdan o‘chirib yuborilgan)da yoki viruslar orqali zarar yetkazilishi oqibatida yoroqsiz ahvolga kelgan taqdirda, Davlat xizmatlari markaziga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining dublikatini berish to‘g‘risida murojaat qilish mumkin.
Shuni alohida eslatib o‘tish lozimki, har bir jismoniy yoki yuridik shaxs o‘zining shaxsiy elektron raqamli imzosini o‘zgalarga ishonib topshirmasligi kerak.
Aks holda elektron raqamli imzo orqali Sizning nomingizdan turli “noqonuniy” ishlarni amalga oshirishi mumkin.
Buni aslo unutmang! O‘zbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonunida elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo qog‘oz hujjatga qo‘lda o‘zi qo‘ygan imzo bilan bir xil ahamiyatga ega ekanligi belgilangan.
Vohid JUMANOV,
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi Davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘limi bosh maslahatchisi.