Elmira Bositxonova ayollarning siyosatdagi o‘rni haqida keskin fikr bildirgan deputat bilan uchrashdi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova deputat Kabul Dusov bilan uchrashdi. Dusov ijtimoiy tarmoqlarda ayollarning siyosatdagi o‘rni to‘g‘risida bildirgan keskin fikrlari bilan keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xotin-qizlar qo‘mitasining rasmiy saytining ma’lum qilishicha, suhbat sharqona diplomatiya va o‘zaro hurmat-ehtirom ruhida kechgan. Kabul Dusov ijtimoiy tarmoqda yozgan postlari faqat ma’lumot tarzida joylashtirilganini, ayollarga salbiy qarash shakllantirish fikridan yiroq ekanini aytgan.

Elmira Bositxonova esa Kabul Dusovga shunday degan:

“O‘g‘lim Qobilbek, Men Sizga urush e’lon qilmadim, iddao ham qilmadim. Chunki, dunyoda bahslar, tortishuvlar, ijtimoiy tarmoqlardan turib haqorat qilishlar shunchalar ko‘payib ketganki, bu jarayonni davom ettirishdan, bu zanjirga bir xalqacha bo‘lib qo‘shilishdan hech qanday foyda yo‘q.

Ajdodlarimiz ham sharqona diplomatiya, murosai madora usullarini qo‘llab kam bo‘lishmagan.

Qolaversa, Siz hali yoshsiz va yoshlik fikrlari muntazam, qotib qolgan aqida hisoblanmaydi. Shuningdek, Siz kabi xorijda O‘zbekistonimizning sha’ni uchun kurashib, o‘qib-o‘rganib kelgan salohiyatli bir yigit bu kabi salbiy fikrlar bilan yashashiga ishonmadim“.

“Milliy tiklanish” partiyasi deputati Kabul Dusov suhbat so‘ngida tashkilot bilan yaqin hamkor bo‘lishini, bahslar jarayonida uni faqat onasi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tushuna olganini so‘zlagan.