Elmira Bositxonova Samarqandda uyma-uy yurdi

O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova bugun Samarqandda mahalla tizimida olib borilayotgan ishlar, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun ko‘rsatilayotgan yordam, oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Xususan, Payariq tumani Tomoyrot mahallasidagi oilalardan birining yashash sharoiti o‘rganildi.

- Ushbu oilani bu vaziyatdan chiqarish uchun qanday yo‘l tutish kerak, mahalla qay tariqa amaliy ishlarni ko‘rsatishi mumkin? Birinchi navbatda, har bir oilaga individual yondashuv talab etiladi, - dedi E.Bositxonova mahalla xodimlari bilan suhbatda. - Deylik, ushbu oilaning to‘rt sotix tomorqasi bor ekan. Lekin hech nima ekilmagan. Nega? Tomorqani yuritmaslik uchun qanday muammolari bor? Shu haqda to‘liq ma’lumot olish va ularga tizimli yordam ko‘rsatish kerak. Xonadon egasi sharoit bo‘lganda, albatta ekin-tikin qilaman, deyapti. Bu oilaga issiqxona tashkil qilish uchun subsidiya berish mumkin va shu bo‘yicha ishni tashkil qilishni boshlash kerak. Oila boshlig‘ining rafiqasiga esa masofadan tikuvchilik hunarini o‘rgatish bo‘yicha markazga murojaat qilishiga yordam beramiz.

Ushbu mahalladagi yana bir oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha unga ham subsidiya ajratish hamda qoramol olib, ro‘zg‘orini yuritib turish uchun vazifalar berildi. Har bir kam ta’minlangan oilaning iqtisodiy qiyinchilikdan chiqib ketishi uchun mas’ullar biriktirildi va ularga aniq vazifalar belgilandi.

Shuningdek, E.Bositxonova Samarqand viloyatining yana bir qator tumanlarida bo‘lib, mahallaning bugungi kundagi roli, odamlar hayotini yaxshilashdagi o‘rni bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

O‘z muxbirimiz.