Endi birovning nomidan ovoz berolmaysiz
Berilgan ovozlarni bilaturib noto‘g‘ri sanash esa 3 yilgacha panjara ortiga "eltishi" mumkin
Birovning nomidan ovoz berishga sharoit yaratib bergan komissiya a’zosiga jarima belgilandi. Qonunchilikdagi ushbu o‘zgartish "oilaviy" ovoz berish hollarining oldini olishga xizmat qiladi.
Zotan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 51-10 va 51-11-moddalar bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, saylov byulletenlarini berish tartibini buzish uchun javobgarlik belgilandi.
Ya’ni, bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov byulletenlarini bergan saylov (yoki referendum) komissiyasi a’zosiga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorida jarima solinadi.
Saylovga ajratilgan mablag‘larning maqsadli va to‘g‘ri sarflanishini nazorat qilish maqsadida Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi oraliq yoki yakuniy hisobotni taqdim etmagan yoki o‘z vaqtida taqdim etmagan, bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etgan siyosiy partiya mansabdori BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida jarimaga tortilishi belgilandi.
Shuningdek, jinoyat kodeksining "Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish" moddasining dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etildi.
Mazkur moddaga ko‘ra ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov (ovoz berish) byulletenlariga yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni bila turib noto‘g‘ri sanash uchun esa BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlanadi.
Qayd qilingan holat 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ham mumkin.
Furqat ANAROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.