Endi bitta terminal ham UZCARD, ham HUMO kartalariga xizmat ko‘rsatadi
UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari joriy yildagi o‘zaro integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi.
Shu tariqa har ikkala tizim terminallarida to‘lovlarni qabul qilish amaliyoti namoyish etildi. Yaqin oylar ichida kassir tomonidan har bir karta uchun turli terminallarning taklif qilinishi shart bo‘lmaydi - savdo va xizmat nuqtalari ikkala to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatadigan bitta apparatga ega bo‘ladi.
27 dekabr kuni UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari ikkala tizim terminallarida to‘lovlarni qabul qilishni namoyish etdilar. Ilgari terminallarda cheklovlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bitta terminalda ham UZCARD, ham HUMO kartalariga xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.
To‘lov tizimlarining hamkorligi bozor ehtiyojlarini yanada faolroq aniqlash va zarur yechimlarni taqdim etish imkonini beradi.
Terminal har ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi uchun uni yangilash kerak. Yaqin vaqt ichida banklarga bunday yangilashni amalga oshirish uchun zarur ko‘rsatmalar beriladi.
Integratsiya memorandumi doirasida UZCARD va HUMO quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettiradi:
- karta egalari, banklar, to‘lov tashkilotlari va chakana savdo shoxobchalarining manfaatlarini himoya qilish;
- texnologiyalarni takomillashtirish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish infratuzilmasini kengaytirish;
- to‘lov infratuzilmasining ishonchliligi va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.