HUMO, eplolmasang nega bozorga kirding? Nega raqobatdan qo‘rqasan?
Kecha HUMO kartalari ishlamadi. O‘tgan kuni plastik kartamdan do‘konda to‘lovni amalga oshiraman, desam kod noto‘g‘ri degan vaj bilan pul o‘tmagan edi. Kartani tekshirtirish maqsadida "Ipoteka bank"ning Samarqand filialiga bordim. Odam ko‘p, mijozlar asabiy. Bilsam, to‘lov tizimi ishlamayotgan ekan.
Men faqat kartamning kodini tekshirib berishni so‘ragan edim, xodimlar bu mumkin emasligini, dushanba kuni kelishimni maslahat berishdi. Tizim nega ishlamayapti, qachon ishlaydi, degan savollarga ular “Bu bizga bog‘liq emas, Toshkent hal qiladi” deyish bilan cheklandi.
Balki bank rahbarlari jo‘yali bir javob berishar, deb ikkinchi qavatga chiqsam, soat 15:30 bo‘lishiga qaramasdan “katta”lardan hech kim yo‘q ekan. Kotib boshliq ham, o‘rinbosarlari ham “yig‘ilishda” degan yod bo‘lib qolgan javobini berdi.
Yaqinlargacha UzCard kartasidan foydalanardim. Bir necha yil davomida muammo bo‘lmagan edi. Keyingi paytda hammani HUMOga majburan o‘tkazishmoqda. Masalan, mahalla raislari, pensionerlar shular jumlasidan. Nega raqobat bo‘lishiga yo‘l qo‘yishmaydi? HUMO tepasida turganlar shunchalik qudratlimi? Axir, bu to‘lov tizimi kamchiliklari haqida ko‘p gapirilmoqda. Xulosa qilinmayapti.
Mana, internetdagi ayrim materiallarning sarlavhalari: “Humo to‘lov tizimida nosozlik yuzaga keldi”, «Humo» pensionerlarning asabini buzyapti», “Ayni damda HUMO kartalari ishlamayapti!”, “Metroda to‘lov kartalari ishlamay qoldi”.
Buyog‘i nima bo‘ladi? Bu holatga baho beradigan mard topiladimi? Yoki hammasi kimlarnidir manfaat deb shundayligicha qolib ketadimi?
Toshpo‘lat Rahmatullayev.