Bankda ayb yo‘q, hamma gap HUMOda!

Kechagi postimda HUMO to‘lov tizimi ishida uzilish ro‘y berganini va ushbu tizim karta egalari uchun bu holat katta noqulayliklar yaratganini yozgan edim. Kartani ishlatmoqchi bo‘lganimda, kodi noto‘g‘ri degan yozuv chiqqanidan so‘ng “Ipoteka bank”ning Samarqand filialiga borganimni va bu yerda karta egalariga yordam ko‘rsata olmaganliklarini bayon qilgandim

Buni ayrimlar “Ipoteka bank”  ustidan shikoyat deb tushungan. Yo‘q, aslo. Men hammasi bo‘lib ikki marta bu bankka borganman. Birinchi marta karta ochganimda va ikkinchi marta kecha uning kodini tekshirtirish uchun. Bank xodimlarining birov bilan qo‘pol muomalasini yoki sarson qilib, u yoqdan bu yoqqa jo‘natganini ko‘rganim yo‘q. Ikki safar ham Feruza ismli xodimga murojaat qilganimda, ishini chin dildan bajarishiga guvoh bo‘lganman.

O‘sha kuni ham xodimlar mijozlardan noqulaylik uchun uzr so‘rab, tizim ishlamayotganligini va ularning qo‘lidan hech narsa kelmasligini ma’lum qilishdi. Afsuski, HUMO to‘lov tizimi ishida tez-tez uzilishlar bo‘lib turishini internetda norozilik kayfiyatida yozilgan fikrlar tasdiqlaydi. Masalan, kechagi postimning ostida Zulfiya Rashidova ismli foydalanuvchi “Toshkentning o‘zida ham HUMO juda muammoli ishlaydi”, deb yozgan.

Boshqa bir foydalanuvchi Ilhom Ismailov quyidagicha izoh qoldirgan: “Nihoyatda to‘g‘ri yozilgan, bizlarni ham majburlab, HUMOga o‘tkazishdi, ishonchsiz ishlaydi, problemasi ko‘p”.

Men ham postimda shunday yozgan edim: “Keyingi paytda hammani HUMOga majburan o‘tkazishmoqda. Masalan, mahalla raislari, pensionerlar shular jumlasidan. Nega raqobat bo‘lishiga yo‘l qo‘yishmaydi? HUMO tepasida turganlar shunchalik qudratlimi?”.

Ma’lum bo‘lishicha, to‘lov tizimi Markaziy bankka tegishli ekan. Markaziy bank majbur qilmasa, banklar mijozlarni tanlash huquqidan mahrum qilishmasdi. Ko‘p yillar davomida UzCard muammosiz ishlagan edi. HUMO esa unday emas. Mana, bugun kartamning kodini tiklaganimdan so‘ng to‘lovni amalga oshirmoqchi bo‘lganimda, ikki urinish natija bermadi va faqat uchinchi urinishda pul o‘tdi.

Qachongacha bu holat davom etaveradi? Odamlar nima qilishini bilmasdan, hamma alamini, bor qahr-g‘azabini bankka sochadi. Natijada, mijozlar ham, bank rahbarlari-yu xodimlari ham asabiylashadi, o‘ziga kasallik sotib oladi. 

HUMO zo‘r bo‘lsa, o‘zini erkin raqobatda ko‘rsatsin! O‘zbekiston demokratiya sari odimlab bormoqda, deymiz. Oddiy xalq bunga ishonishi uchun shiorlar ish bermaydi. Qonunlar amalda ishlayotganligini ko‘rsatish lozim. Hech kimni hech narsaga majburlamaslik, raqobatni cheklashga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Toshpo‘lat Rahmatullayev.