"Milliy bank" fuqarolarning plastikdagi pulini yechib olishi mumkinmi?
Ertalab telefonimga ikkita SMS kelibdi. Ochib qarasam, ikkita plastik kartamdagi pullar Milliy bank (NBU KR POGASH HUMO P)dan yechib olinibdi.
To‘g‘ri, "Milliy bank" Samarqand filialidan uy-joy olish uchun kredit olganman. Har oyda kredit qarzimni to‘lab kelyapman. Lekin hali bunaqasi bo‘lmagandi. Nima uchun bank kreditorlarni ogohlantirmasdan plastigidagi pullarini yechib oladi? Bunga qanchalik haqqi bor? Bank avval fuqaroni ogohlantirishi kerak emasmi? Menga bank tomonidan na telefon qilishdi, na SMS keldi, hech qanday ogohlantirishsiz plastigimdagi pullar yechib olinibdi.
So‘ngra "Milliy bank"ning Samarqand filiali saytini internetdan topib, aloqa telefonlariga (+998 (93) 380-78-88, +998 (93) 383-55-05, +998 (93) 387-55-05) qo‘ng‘iroq qildim. Afsuski, hech qaysiga tusha olmadim. Yoki ataylab shunday qilib qo‘yilganmi, bilmadim.
Yanayam ajablanarlisi, bugun ertalab plastik kartangizdan kredit uchun NBU 00278 filiali foydasiga 450587.15 so‘m yechildi, degan SMS keldi. Hali ikkinchi plastigimdan olingan pullar uchun SMS kelgani yo‘q.
Aslida ikkala plastikdagi pullar bir oylik kredit to‘lovimga yetmaydi. Undan ko‘ra, bank yechib olgan puldan keyin SMS yubormasdan bir kun oldin ogohlantirsa bo‘lmaydimi? Aytgancha, aksariyat banklarning shiori - "Bank - mijoz uchun", deyilgan...
Yana bir narsa esimga tushib ketdi. Rossiyada qaysi kompaniyaning abonenti bo‘lsangiz, o‘sha kompaniyadan uch kun oldin hisobingizni to‘ldiring, telefoningiz o‘chib qolishi mumkin, degan SMS kela boshlaydi. Agar telefoningizga oylik to‘lov qilmasangiz kompaniya operatori qo‘ng‘iroq qiladi. Bizda-chi? Hamma narsa teskarisi.
Xurshida Ernazarova.