Plastik kartadagi pullarni o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Elektron to‘lov vositasidan yoki masofiviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalanib firibgarlik, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish holatlari sodir etilmoqda.

Bu kabi jinoyatlarning xavfli va achinarli tomoni jinoyat sodir etgan shaxs noma’lum bo‘lishi, ya’ni respublikaning xohlagan qismidan yoki chet eldan turib amalga oshirishi, yetkazilgan zararni qoplash va uni aniqlashda qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.

Bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, bu kabi jinoyatlar soni oshib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda shu mazmunda ichki ishlar organlariga 965 ta murojaat qilingan bo‘lsa, 2021 yilda 1601 ta murojaat kelib tushgan. Hali bu murojaat qilingani. Kamroq miqdorda moddiy zarar ko‘rgan jabrlanuvchilar “ovora bo‘lib yuramanmi” qabilida ish tutib shikoyat qilmaganlar qanchadan qancha. O‘tgan yilning o‘zida bank plastik kartochkalaridan pul mablag‘larini o‘g‘rilik yo‘li bilan o‘zlashtirilishi oqibatida fuqarolarga 4 mlrd. 495,5 mln. so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, bank hisobvarag‘idan pul mablag‘larini o‘g‘irlash holatlari ham kuzatilmoqda. Misol uchun, 2020 yil sentyabr oyida noma’lum shaxslar tomonidan ikkita bank tomonidan fuqarolarga ochilgan VISA to‘lov tizimlariga qilingan kiberhujum natijasida 466 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Amaliyotda to‘lov agregatorlariga (payme, click, oson va boshqalar) bog‘langan telefon raqami va bank plastik kartochkalaridan o‘g‘rilik fuqarolarga to‘lovni amalga oshirish uchun SMS orqali yuboriladigan 4 talik maxsus kod-raqamini noqonuniy yo‘l bilan egallab olish bilan sodir bo‘lmoqda. Shuningdek, elektron savdo maydonchalari (OLX va boshqalar) orqali pul mablag‘larini o‘g‘rilash holatlari ham mavjud.

Bu kabi harakatlar uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.