“Plastik karta” emas, “Bank karta"si

Bugun ko‘pchiligimiz ba’zi narsa-buyumlarni o‘z nomi bilan atamay, uning o‘rniga boshqa, ya’ni og‘zaki muloqotda qo‘llaniladigan so‘zlarni ishlatashga ko‘nikib ketganmiz. Kundalik turmushda kam qo‘llaniladigan yoki biror sohagagina taalluqli nom yoki iboralarda bu kam uchraydi. Biroq shunday nomlar borki, ularni deyarli har kuni ishlatamiz, lekin uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini o‘ylab ko‘rmaymiz.

Turli mahsulotlarni xarid qilish yoki xizmatlardan foydalanishda to‘lovni naqt pulsiz amalga oshirish imkonini beradigan bank kartasi shular jumlasidan. Bugun deyarli barcha uni “plastik karta” sifatida biladi. Bu bejiz emas, albatta. Sababi tijorat banklari ish yuritishda shu nomdan foydalanib kelmoqda. Ammo sohaga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarda bu atamani topmaysiz. Uning o‘rniga hujjatlarda “bank plastik kartochkasi”, “bank kartasi” yoki “plastik kartochka” nomlari qo‘llaniladi. Xo‘sh, bularning qay biri to‘g‘ri?

O‘zbek tilining izohli lug‘atida “Plastik” (yunoncha — haykaltaroshlikka, ganchkorlikka oid) so‘zi bor. Undan tilimizda ikki xil ma’noni ifodalashda foydalanamiz. Birinchisi, plastik harakat, ya’ni tananing nafosatli, ritmik harakatlanishi bo‘lsa, ikkinchisi, bosim, tashqi kuch ta’sirida muayyan shaklga kira oladigan va bosim to‘xtagach, shu shaklni saqlab qoladigan moddadir. Shu ta’riflarning ostida “plastik kartochka” so‘zi ham keltirilib, u aynan kredit kartochkasi ekanligi ko‘rsatilgan.

Lug‘atdan “kartochka” so‘zini izlasangiz, uning ko‘plab ma’nolari qatorida “kredit kartochkasi”ni ham topasiz. U bank tomonidan o‘z omonatchilariga ularning shaxsiy hisobida saqlanayotgan mablag‘laridan naqd pulsiz tovar sotib olishi yoki turli xizmatlardan foydalanishi uchun beriladigan hujjat-guvohnoma, deya tariflanadi. Qiziq tomoni, xuddi shunday ta’rif “karta” so‘zida ham bor.

Lug‘atdagi bu chalkashnikni ko‘rib, normativ-huquqiy hujjatlardagi turli xil nomlarga ajablanmasa ham bo‘ladi. Lekin shu narsa aniqki, bugun tijorat banklari tomonidan keng qo‘llanilayotgan “Plastik karta” nomi na lug‘atda va na normativ-huquqiy hujjatlarda aks etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kredit karochka g‘oyasi birinchi marotaba 1888 yilda amerikalik yozuvchi Edvard Bellami tomonidan yozilgan “O‘tmishga boqib: 2000-1887” (Looking Backward: 2000—1987) nomli fantastik kitobda ilgari surilgan. Biroq, ilk kredit kartochkasi faqat 1914 yilda AQSh dagi kompaniyalan biri tomonidan ishlab chiqilgan va u faqat neft mahsulotlari bilan bog‘liq savdo operatsiyalarida ishlatilgan. Eng qiziqi, birinchi karochta plastikdan emas, balki kartondan yasalgan ekan.

1928 yilda esa Bostondagi yana bir kompaniya birinchi metall kartochkani ishlab chiqgan. Sotuvchi bunday shakldagi metall plastinkani maxsus qurilmaga solib, undagi bo‘rtma harflarni savdo chekiga tushirishi kerak bo‘lgan. Lekin bularning barchasi faqat bir sanoat tarmog‘i uchun mo‘ljallangan bo‘lib, keng muomalaga chiqarilmagan. Faqat 60 yillardagina plastikdan yasalgan, savdo-sotiq uchun mo‘ljallangan kartalar ishlab chiqarila boshlagan.

— Men rus tilini yaxshi bilaman, lekin Sank-Peterburgdagi do‘konlardan biriga kirib, kassa oldida yuzim qizardi, - deydi T.Oblaqulov. – Sotuvchiga to‘lovni plastik karta orqali amalga oshiraman, deganimda u nima haqida gapirayotganimni tushunmadi. Qo‘limdagi bank kartasini ko‘rsatganimdan so‘nggina masala oydinlashdi. U yerliklarga “plastik karta” atamasi begona ekan. Faqat biz hamon uni o‘z oramizda “plastik”, deya atashga o‘rganganmiz.

Guvohi bo‘lganingdek, bugun bu to‘lov vositasi rasmiy manbalarimizda to‘rt xil nom bilan atalmoqda. Gazeta va jurnallar asosan tijorat banklari ilgari surayotgan “variant”dan foydalanishadi. Lekin “plastik karta” so‘zi Lug‘atda yo‘q. Uning o‘rniga “plastik kartochka” bor. Ammo bu nom ham mantiqqa to‘g‘ri keladi, deb bo‘lmaydi. Nima qilish kerak?

Taklifim, kundalik turmushimizning ajralmas qismiga aylangan ushbu to‘lov vositasini “bank kartasi”, deya yagona nom bilan ataylik. Shunda uni qisqartirib, “karta” deyish ham xato bo‘lmaydi. Har xolda bu “plastik” qisqartmasidan ancha aniqroq.

Asqar BAROTOV.