Endi eng kam pensiya oluvchilarga 20 foiz qo‘shimcha to‘lanadi
Boshqa nafaqa va pensiyalar miqdorida ham o‘zgarishlar bor.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 4 iyundagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan pensiya ta’minoti tizimiga bir qator o‘zgartishlar kiritildi.
Xususan, 2021 yilning 1 iyulidan boshlab belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etildi.
Bunda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshiriladi.
Shuningdek, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 ming so‘mga yetkaziladi.
Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 ming 30 so‘mdan 400 ming so‘mga yetkaziladi.
Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi.
Bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshirilib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchi oilalarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 ming so‘m va keyingi har biri uchun 150 ming so‘mdan qo‘shiladi.
Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 ming 350 so‘mdan 565 ming so‘mga oshiriladi.
Qayd etish lozimki, mazkur Farmon ijrosini ta’minlash uchun viloyat byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi va tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
Jumladan, dastlabki tahlilarga ko‘ra viloyatda ish staji to‘liq bo‘lmagan eng kam miqdorda (256 ming 675 so‘m) pensiya oluvchilar soni 25 ming nafardan ortiq ekan. Shuningdek, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (565 ming so‘mgacha) kam, yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiya oluvchilar 55 ming, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolar 10 mingdan ko‘proq, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilar 17 ming, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar 34 ming nafarni tashkil qilmoqda.
Albatta, bu raqamlar iyul oyi holatiga yana o‘zgarishi mumkin. Negaki, hozirgi kunda viloyatda bo‘yicha ushbu toifaga tegishli barcha pensiya va nafaqa oluvchilar bevosita kompyuter dasturi orqali saralab olinyapti. Iyul oyidan ularga oshirilgan miqdorda pensiya hamda nafaqa pullari to‘liq to‘lab berilishi ta’minlanadi.
Abdurashid Rahimov,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.