Endi yer uchastkasini xususiylashtirish mumkin

Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli yer uchastkalarini (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini) masofadan turib xususiylashtirishlari mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori bilan jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin bo‘ldi.

Fuqarolarimiz yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslar esa noturar bino-inshootlarga ega. Endi ular o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulk, yer uchastkalarini (ko‘p qavatli uylar bundan mustasno) kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirishi mumkin (agar bino kadastrdan o‘tmagan bo‘lsa, yer xususiylashtirilmaydi).

Shu kunga qadar fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi yerlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan noturarjoy ob’yektlarining yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilar edi. Ya’ni, bino o‘zingizga tegishli bo‘lsa ham, uning yeri davlatniki edi.

Endi mana shu yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun jismoniy va yuridik shaxslar my.gov.uz orqali onlayn murojaat qilishlari mumkin. Kelib tushgan ariza Kadastr agentligi va qurilish bo‘limlariga yo‘naltiriladi. Kadastr bo‘limlari yer uchastkasining ariza bergan fuqaro nomiga rasmiylashtirilganmi yoki yo‘qmi, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshiradi. Bunda o‘sha yer uchastkasi o‘zgarmagani, bugungi kunda ham reestrda mavjudligi, ta’qiq va cheklovlar yo‘qligi, xullas, xususiylashtirishga monelik qilmaydigan tomonlari tekshirib chiqiladi.

Qurilish bo‘limlari esa yer uchastkasi hududining shaharsozlik me’yorlariga mos kelishini o‘rganadi. Barcha tekshiruvlardan o‘tgach, fuqaroga xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi va talabgor to‘lovni amalga oshiradi.

Yerni xususiylashtirish uchun qancha mablag‘ to‘lanadi?

Arizani ko‘rib chiqish uchun 29700 so‘m miqdorida yig‘im undiriladi.

Shu bilan birga, yer uchastkasini xususiylashtirish uchun differensial to‘lov undiriladi.

Bu qanday hisoblanadi?

Barchamiz yer uchastkasiga yer solig‘i to‘laymiz. Mulkdorlar uchun xususiylashtirish to‘lovi yer uchastkasiga hisoblangan soliq miqdorining 20 barobari deb belgilangan.

Masalan, agar fuqaro bitta hovliga yiliga 100 ming so‘m soliq to‘lasa (bunda mol-mulk solig‘i qo‘shib hisoblanmaydi, aynan yer uchastkasiga to‘lanadigan soliqqa nisbatan hisoblanadi), xususiylashtirish uchun 2 million so‘m to‘lov amalga oshiriladi. Shundan so‘ng o‘sha yer uchastkasiga bo‘lgan davlat orderi beriladi. Ushbu order asosida kadastr organlari yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishadi.

Bu muhim!

Har bir jismoniy va yuridik shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkasini faqat o‘zigina sotib oladi. Bu yer auksionga qo‘yilmaydi va boshqa odam sotib olishi yoki boshqa odamga o‘tib ketishi mumkin emas.

Z.Ismatov,

Payariq tumani adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi.