"Ijod faqat yozishgina emas"

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, adabiyotshunoslik fanlari doktori, professor Saydulla Mirzayev o‘z davrining o‘ziga xos ziyolisi edi.
1946 yilda SamDU filologiya fakultetini bitirib, umrining oxirigacha shu dorilfununda faoliyat ko‘rsatdi. Akademiklar Izzat Sulton (ilmiy rahbari ham bo‘lgan), Vohid Abdullo, Akbar Otaxo‘jayev nazariga tushgan. O‘z zamonasining yetuk olimlari - Hamdam Berdiyorov, Boturxon Valixo‘jayev, Orif Ikromov, Nuriddin Shukurov, Xudoyberdi Doniyorov, Bozorboy O‘rinboyev bilan bir safda va hamkorlikda faoliyat ko‘rsatdi. "Mening baxtim yaxshi odamlarga shogird tushganim va yaxshi odamlar bilan baqamti ishlaganimdir", deb yozadi domla o‘z esdaliklarida.
S.Mirzayev 15 yil davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limiga jamoatchilik asosida rahbarlik qilish jarayonida Komil Yashin, Uyg‘un, G‘afur G‘ulom, Zulfiyaxonim, Hamid G‘ulom, Shukrullo, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov kabi ijodkorlar ishtirokida juda ko‘plab samimiy uchrashuvlar chog‘ida badiiy asarlar haqidagi tahlillari bilan adabiyot targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shgan.
Saydulla akaning rus tilida Moskvada chop etilgan "Uzbekskaya literatura XX veka" darsligi katta baho olgandi.
Fidoyi olim yosh iqtidorlarga "Ijod faqat yozishgina emas, ijod qilish uchun katta qalbga, teran fikrga va eng muhimi, hayotiy xulosalarga ega bo‘lmog‘i lozim", deb uqtirardi.
Domla o‘z muomala madaniyati bilan nafaqat hamkasblari, balki talabalarga ham ibrat bo‘lgan. Yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlagan. Shu sababli 80 yoshida "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlandi.
Bugun S.Mirzayev tug‘ilgan kunga 95 yil to‘ldi. Vafot etganiga 13 yil bo‘lsa-da, davralarda u kishining ezgu xislatlari va yaxshi ishlarini hamon yodga olishadi.
***
Suratlarda: 1. Saydulla Mirzayev Mehnat Qahramoni Shamsi aka Nazarov bilan (1975 yil).
2.O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, yirik adabiyotshunos, iste’dodli dramaturg Izzat Sulton bilan (1970 yillarning boshi).