Endi NNTlarga davlat subsidiyasi, granti va ijtimoiy buyurtmalari yagona elektron platforma orqali ajratiladi

Bu haqda Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan joriy yil viloyatda amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tashkilot rahbari Doston Malikovning ta’kidlanishicha, Prezidentning 2024 yil 26 avgustdagi farmoni bilan davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etilgan. Unga ko‘ra, jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi va jamoat fondiga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan yangi tizim asosida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, joriy yil Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limiga 5,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lib, Parlament komissiyasi a’zolari, jamoat fondi vakillari hamda mahalliy kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan va joylarda viloyat aholisining muammolarini o‘rganmoqda.

- Birinchi chorakdagi o‘rganishlar natijasida Past Darg‘om, Ishtixon, Nurobod, Bulung‘ur, Jomboy va Toyloq tumanlarida aholini qiynab kelayotgan 175 dan ortiq muammo aniqlandi, - deydi D.Malikov. – Yaqinda aniqlangan ichimlik suvi, maktab va poliklinikalar infratuzilmasi, aholi bandligi va salomatligi bo‘yicha fuqarolarni qiynayotgan muammolarning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan grant tanlovlar e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida shu yilning aprel-may oylarida fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyasi, granti va ijtimoiy buyurtmalarini ajratishning birinchi bosqichi boshlanadi. Jarayon shaffof o‘tishi uchun yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi va dastlabki tanlovda beshta loyihaga 400 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Matbuot anjumani davomida yangi platformadan qanday foydalanish kerakligi sinov tariqasida ko‘rsatildi va soha vakillariga tushuntirish berildi. Viloyat hokimligi tomonidan NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining faolligini oshirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, joylardagi muammolarga birgalikda yechim topish bo‘yicha ijitimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani ta’kidlandi.