Endi quruvchilar malakasini zamonaviy talablar asosida oshiradi

Qurilayotgan har bir bino va inshootlarni sifatli qilib bunyod etish quruvchi-muhandislarning kasbiy mahoratiga bog‘liq.
Endilikda qurilish sohasi mutaxassislari qayta o‘qitilib, ularning faoliyatini sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Arxitektura, qurilish, muhandislik va kommunal xo‘jaligi sohalaridagi kadrlarning malaka sertifikatiga ega bo‘lmasa, tizimda ishlay olmaydi. Ular har 3 yilda bir marta malakalarini oshirishi, sohaga oid eng so‘nggi zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi talab etiladi.
Bu borada Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan Kompetensiyani rivojlantirish instituti hamda uning hududiy filiallari soha mutaxassislarini o‘qitish va sertifikatlash bo‘yicha ish olib bormoqda.
Institutning Samarqand hududiy filialida ham shaharsozlik va kommunal xo‘jaligi sohalariga oid yo‘nalishlarda quruvchi kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, o‘qitishning zamonaviy shakllari, ilg‘or, pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy hamda amaliy o‘quv jarayonlarini tashkil etish, o‘zaro tajriba almashish borasida xalqaro hamkorlik ishlari qilinmoqda.
- Hozirga qadar filialimiz tomonidan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 313 nafar soha xodimining malakasi oshirilib, maxsus sertifikatlar berildi, - deydi Kompetensiyani rivojlantirish instituti Samarqand hududiy filiali direktori Adham Rajabov. - Qurilish-montaj ishlarida pudratchi, buyurtmachi, loyihachilar shaharsozlik, zilzilabardoshlik, muhandislik izlanishlar, yong‘inga qarshi hamda ekologik normalar, sanitariya qoidalari va normalariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish kabi bilimlarini mustahkamlashadi.
Filialda mutaxassislarning malaka talablariga mosligini, bajarayotgan ishlari sifatini oshirish, shaffoflik va raqobatbardoshlikni ta’minlash, xalqaro standartlarga mos ish yuritish kabi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etib borish hamda aholining hayoti, salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, mulkdorlar huquqini himoya qilishda mutaxassislar mas’uliyati oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yildan boshlab maxsus sertifikatga ega bo‘lmagan mutaxassislarga yuqori toifali qurilish ob’yektlari qurilishi faoliyati bilan shug‘ullanish hamda ko‘p kvartirali uylarning boshqarish organlariga rahbarlik qilishi taqiqlanadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.