Endi shoshilinch tibbiy yordam shifokorlariga yuragingizni ham ishonib topshirsangiz bo‘ladi

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samaqand filialida ilk bor murakkab turdagi yurak operatsiyasi amalga oshirildi. Mazkur operatsiya Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining malakali mutaxassislari ishtirokida o‘tkazildi. Jarayon to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn tarzda markazda faoliyat yurituvchi jarrohlar uchun namoyish etilib, mahorat mashg‘uloti sifatida o‘tdi.
-Aholi orasida yurak qon tomir kasalliklari soni ortib borayotgani natijasida uning asoratlari ham ko‘payib borayotgandi,- deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samaqand filiali direktor o‘rinbosari Tolib O‘sarov. - Mamlakatimiz rahbarining tibbiyot tizimining eng og‘ir, ko‘p mablag‘ talab etadigan yo‘nalishlarini yaxshilashga viloyat, tumanlar miqyosida ham e’tibor qaratishlari tufayli soha tamoman yangi bosqichga ko‘tarildi. Birgina yurak qon tomir tizimi xastaliklari misolida aytadigan bo‘lsak, 2024 yilda markazga 600 ming AQSh dollarilik angiograf apparati olib kelindi. Bu jihozning shifoxonamizda bo‘lishi biz uchun ertakday edi, to‘g‘risi. Shu yilning o‘zida ushbu apparat orqali 447 nafar bemor tekshiruvdan o‘tkazildi. 179 nafariga stentlash amaliyoti o‘tkazildi. Bir paytlar aynan shu amaliyot uchun ham bemorlar xorijga borishiga to‘g‘ri kelardi. Bugun hatto poytaxtga ham yubormaymiz, viloyatning o‘zida shunday sharoit bor.
Hozirda nafaqat ishemik insultlar, balki gemorragik insultning oldini odish bo‘yicha ham qator yutuqlarimiz mavjud.
Shu yilgi angiograf orqali tekshiruv natijalariga ko‘ra 158 nafar bemorlarimizda tegishli yurak operatsiyasi o‘tkazilishiga ehtiyoj borligi aniqlandi. Hozir markazda ilk bor o‘tkazilayotgan operatsiya mana shunday bemorlarimiz orasidan tanlab olindi.
Endilikda aorta koronar shuntlash operatsiyasini markazning malakali shifokorlari amalga oshiradi. Aytish joizki, shunday operatsiya bemorga chetda yoki xususiy klinikalarda amalga oshirilganda 100 million so‘m atrofida tushar ekan.
Gulruh Mo‘minova.