Endi Urgut tumanida ham gemodializga muhtojlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi
Urgut tumanida gemodializ bo‘limi tashkil etildi. Salkam 3 milliard so‘m mablag‘ hisobiga tashkil etilgan mazkur tibbiy markaz binosini ta’mirlash uchun mahalliy byudjet hisobidan 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib to‘liq rekonstruksiya ishlari bajarildi.
- Buyrak yetishmovchiligi xastaligi bilan yashayotgan bemorlar har uch kunda, ba’zilari esa har kuni yoki haftada bir marta gemodializ muolajalarini olishi kerakligini ko‘pchilik yaxshi biladi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyazov. - Achinarlisi, uzoq tumanlarida yashovchi ushbu xastalikka chalinganlar muolaja olish uchun viloyat markazlariga kelishiga to‘g‘ri kelardi. O‘tgan yili COVID-19 infeksiyasi tarqalishi sababli viloyatimizda karantin qoidalari kuchaytirilgan paytda bu xastalikka chalingan bemorlar tibbiy muolaja olishlarida bir qancha qiyinchiliklar bo‘ldi.
Shu sabab, viloyat markazidan uzoq tumanlarda yashovchi muhtoj bemorlar ushbu muolajalarni xuddi viloyat markazidagi kabi sharoitda olishlari uchun tumanlar kesimida hududiy sun’iy buyrak (gemodializ) bo‘limlarini tashkil etish rejalashtirilgan edi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 2020 yilda Kattaqo‘rg‘on shahrida hududiy gemodializ bo‘limi ishga tushirildi va hozirda Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlarida yashovchi bemorlar bu xizmatdan foydalanib kelmoqda.
Urgutda gemodializ bo‘limi tashkil etilgani bois Samarqand shahridagi markazlarga tez-tez kelishga majbur bo‘lgan, tumandagi 50 nafar buyrak yetishmovchiligi bilan nazoratda turuvchi bemorlar shu yerning o‘zida doimiy ravishda muolaja olishlari mumkin.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.