Endilikda rezidentlar o‘z hisobvaraqlariga chet el valyutasini cheklovlarsiz o‘tkazishi mumkin
Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi Qonun (yangi tahriri) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.
Qonunga muvofiq, Markaziy bank valyutani tartibga soluvchi davlat organi hisoblanadi.
Markaziy bank o‘z vakolati doirasida:
- norezidentlar tomonidan O‘zbekiston hududida, shuningdek, rezidentlar tomonidan O‘zbekiston hududida va uning tashqarisida amal qilinishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
- valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;
- valyuta birjalari faoliyatini litsenziyalaydi va tartibga soladi hamda qator boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish bo‘yicha operatsiyalarda valyuta kursi chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib, shartnomaviy asosda belgilanadi.
So‘mning chet el valyutasiga nisbatan kursini aniqlashda faqat bozor mexanizmlaridan foydalaniladi.
Qonunga ko‘ra, rezidentlar O‘zbekistondagi yoki respublikadan tashqaridagi banklardagi o‘z hisobvaraqlaridan O‘zbekiston banklaridagi o‘z hisobvaraqlariga chet el valyutasini cheklovlarsiz o‘tkazish huquqiga ega.
O‘zbekiston hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat O‘zbekiston banklari orqali, banklararo valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish faqat O‘zbekiston banklari va Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunga ko‘ra, Markaziy bank, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonda valyutani nazorat qiluvchi organlardir.
Qonun rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.