Energetika vazirligi: Yanvar oyida 5,6 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Joriy yilning yanvar oyi davomida Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 511 ta holatda 6,7 mln kVt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Buning natijasida tizimga 5,6 milliard so‘m zarar keltirilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 33 ming 500 ta xonadonning bir oylik elektr energiyasi iste’molini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda.