Eng arzon sovg‘angiz qaysi?
O‘tgan kuni do‘konga kirgan paytim beixtiyor qulog‘imga shu so‘zlar chalindi.
"Eng arzon sovg‘a izlayotgan kim ekan?" deya qiziqdim. Yosh qiz ekan. Yonida o‘ttiz yoshlardagi ayol juda betoqat turib, qizni qistayapti: "Bo‘l tez, xuddi o‘zingga biron narsa olayotgandek tanlashingni qara, olaylik tezroq biron nima o‘sha cholga" dedi. "Nima, qilay opa, hamma narsa qimmat-ku" dedi qiz asabiylashib. "Sovg‘a kim uchun, tanlashib yuboraman" dedi sotuvchi.
- E, so‘ramang, idoramizda o‘tgan zamonda ishlab ketgan bir cholga-da. O‘zimiz tanimaymiz ham. Boshlig‘imiz 9 mayga har ikki xodimga bir nafar ishlab ketganlarni yo‘qlab kelishimizni buyurdi, o‘lsin, - dedi ayol battar asabiylashib.
- Arzon sovg‘alar qolmadi, hammaga shunday topshiriq berilgan, shekilli, -dedi sotuvchi.
Nihoyat ular eng arzon sovg‘ani topishdi- tashakkurnoma soladigan ramka.
- Buning ichida hech qanday rasm yo‘q-ku, quruq ramkani sovg‘aga olishganini birinchi ko‘rishim, - dedim ular tanloviga aralashishga haqqim bo‘lmasa ham o‘sha, yoshligini, umrini tikkan ishxonasidan yo‘qlab borgan xodimlarning sovg‘asidan qanday holga tushishini ko‘z oldimga keltirib.
- Ishlagan yillaridagi rasmi bo‘lsa, ishlatib shu ramkaga solsangiz boshqa gap, - deyman yana.
Mening tavsiyam ularga yoqmadi.
- Ey, jon desin uyiga so‘rab borganimizga. Sovg‘a rasmda ko‘rinish uchun xolos, u kishiga yoqadimi-yo‘qmi nima ishimiz bor. Rasmini topshirishimiz kerak ekan boshliqqa...
Ular ramkani olib chiqib ketishdi. Albatta, menga ola qarashni ham unutishmadi.
9 may – Xotira va qadrlash kunini men ko‘ngillarni ko‘tarish, obod qilish, diydor bayrami, degim keladi. Lekin aksariyat tashkilot, muassasa rahbarlari tomonidan tabarruk, butun umrini shu el, qaysidir soha rivoji uchun baxsh etgan keksalarni faqat hisobot uchun yo‘qlash avj olayotgandek nazarimda. Axir bu qaytar dunyo. To‘g‘ri, sovg‘aning katta-kichigi yo‘q, muhimi, e’tibor deymiz... Lekin tund qiyofada, norozi kayfiyatda berilgan sovg‘aning qiymati qanday bo‘ladi? "Kelmagani yaxshi edi" demaydimi?
Shu o‘ylar bilan do‘kondan chiqib ketar ekanman, "Motamsaro ona" haykali tomondan kelayotgan bir guruh yigitlarga ko‘zim tushdi. Ulardan biri shundoqqina yonimdagi, yo‘l chetida turgan mashinasining eshigini zarb bilan ochar ekan, "Chiqinglar tez, boshlig‘am shu haykalga gul qo‘yib kelinglar deb qo‘ymadi. Rasmga oldilaring-a?"...
Beixtiyor ko‘zimga yosh keldi. Bu yoshlarning diydalari qachon bu qadar qotib ulgurdi ekan?
Kabinetidan chiqmasdan xodimlariga "borib kel" deb buyurgan boshliqlarning o‘zi bunday xayrli tadbirlarga bosh bo‘lib borganida, yo‘qlovlarning nafaqat ezgu amal ekanligini anglatganida balki bu yoshlar boshqacha kayfiyat yo fikrda bo‘larmidi, deb o‘ylab qolasan kishi.
Gulshan Shermatova.