Eng faol deputat aniqlandi
“O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng faol deputati” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Partiya Markaziy Kengashi tashabbusi bilan ilk marotaba tashkil etilgan tanlov joriy yilga mo‘ljallangan Davlat dasturining partiya saylovoldi dasturiga taalluqli bandlari ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari faoliyati samaradorligini oshirish, barcha darajadagi deputatlik korpusi salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Ta’kidlanishicha, tanlovning “Inson qadri uchun” shiori ostidagi 1-bosqichi fevral oyi davomida barcha shahar va tumanlarda o‘tkazilib, 100 ga yaqin faol deputatlar bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi. Nizom talablari asosida hududlardan 1 nafardan g‘oliblar aniqlanib, ular “Tashabbus va g‘oyalarimiz mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti uchun” shiori ostidagi viloyat bosqichida ishtirok etdi.
- Mahalliy Kengash deputatlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritishini ko‘pchilik biladi, - deydi partiya viloyat Kengashi raisi Badriddin Nasriyev. – Bu tanlov ularning ayni shu ishlarini rag‘batlantirish, ulardagi shijoatni oz bo‘lsa-da qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Tanlov davomida dastlab ishtirokchilar okrug hududdida amalga oshirayotgan ishlari, xususan, partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tadbirlari haqida taqdimot o‘tkazishdi.
- Boshqa deputatlardan faolmiz, deb yurardik, - deydi tanlov ishtirokchilaridan biri, xalq deputatlari Samarqand tumani Kengashi deputati Furqatjon Uzoqov. – Bugun boshqa hududlardagi partiyadoshlarimiz faoliyati bilan tanishib, e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ham ko‘p ekan.
Tanlov doirasida ishtirokchilar tezkor savol-javoblar doirasida o‘z siyosiy bilimlarini namoyish etishdi. Shuningdek, keyingi shart davomida jamoatchilik oldida o‘zini qanday tutish, xususan, notiqlik san’atlarini ko‘rsatib berdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan xalq deputatlari viloyat hamda Narpay tumani Kengashlari deputati Shuhrat Samadov partiya viloyat Kengashining I darajali diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tanlovda sovrinli o‘rinlardan tashqari, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Bir so‘z bilan aytganda, hech bir ishtirokchi “quruq qo‘l” bilan qaytmadi.