Eng go‘zal damlarni virtual olamga boy bermang!

Ota-bobolarimiz “Vaqt – bu boylik”, deyishardi. Bugun esa vaqtimizni telefon o‘g‘irlayapti. Ayniqsa, smartfon va unga kelayotgan xabarlar yoshlar hayotining mutlaq qismiga aylandi. Har kuni ikki-uch soat ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirish aksariyatimiz uchun odatiy holat bo‘lib qoldi. Ba’zilarimiz hatto 7-8 soatlab ekranga tikilyapmiz. Oqibatda ko‘z og‘rig‘i, uyqusizlik, aqlan charchoqni sezyapmiz, fikrlash qobiliyatimiz sustlashyapti. Faqat qisqa, ma’nisiz tasvirlar, videolar, mujmalgina xabarlar fikrlash, tahlil qilish qobiliyatimizni o‘ldirmoqda. Kitob o‘qish, mutolaa madaniyati kabi tushunchalar sekinlik bilan hayotimizdan chiqib ketyapti.
Mutaxassislar “dofamin”, degan atamani ishlatishadi. Bu inson miyasida tez va oson “hazm” bo‘luvchi zavqlarga odatlanishni anglatadi. Yangi xabar va ma’lumotlar miyada dofaminni ko‘paytirib, insonni telefonga tobe qilib qo‘yadi. Oqibatda, yoshlar jismonan erkin, ammo ruhan “qul”ga aylanadi.
Achinarlisi, bu bog‘liqlik vaqtimizni o‘g‘irlash barobarida, hayotimiz mazmunini ham o‘zgartirib yuboryapti. Buning ta’sirida yoshlarda ichki kechinmalarini ifodalash, mehnati va intilishlarini namoyish etish qobiliyati yo‘qolyapti. Qolaversa, ularda o‘ziga ishonchsizlik, so‘zlashuvda tayinsizlik, hatto yolg‘izlik hissi kuchaymoqda.
Shu joyda mas’uliyatni faqat yoshlarning o‘ziga to‘nkash ham to‘g‘ri emas. Ota-ona, o‘qituvchi, butun jamiyat ularga ibrat bo‘lolmayapmiz. Ularning bo‘sh vaqtini tashkil etish, yaxshi kontentlarni tanlashni o‘rgatmayapmiz.
Bunda har kuni bolaning telefonda o‘tkazadigan vaqtini cheklash va shuni ongli ravishda amalga oshirish lozim. Masalan, telefondan kunning muayyan vaqtlarida foydalanishni cheklash mumkinku?!
Ta’lim muassasalarida axborot olish madaniyatiga oid interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazish ham kerak. Bunday darslarda telefondan qanday maqsadda foydalanish, qanday kontentni qabul qilish va qanday xavflar borligi haqida ochiq muloqotlar o‘tkazish foydadan xoli bo‘lmaydi. Yoshlarga axborotlar bilan emas, tiniq fikrlar bilan yashashni o‘rgatish vaqti keldi.
Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, yoshlik bir marta beriladi. Farzandlarimiz eng go‘zal damlarini virtual olamga boy bermasligi shart.
Ra’no NASIROVA,
SamDChTI katta o‘qituvchisi.