Eng qimmat avtoraqam 441,5 million so‘mga sotildi, eng past bahosi esa 450,5 ming so‘mni tashkil qildi
2021 yilda birja orqali qariyb 300 mlrd. so‘mlik avtoraqamlar sotildi
Yil yakunlariga ko‘ra, respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz veb-saytida 298,8 mlrd. so‘mlik 139,4 mingdan ziyod avtoraqam shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi. Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 40 foizga, hajmi bo‘yicha – 21 foizga o‘sdi.
Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,1 million so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 91 foizi jismoniy shaxslar, 9 foizi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. O‘tgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi – 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 million so‘mni tashkil qilgan.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 37 foiz birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22 foizi ikkinchi, 13 foizi uchinchi, 9 foizi to‘rtinchi, 9 foizi beshinchi va 10 foizi oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqam Toshkent shahri va Toshkent viloyati (48 foiz) Samarqand va Farg‘ona (8 foizdan), Namangan va Andijon (6 foizdan), hamda Buxoro (5 foiz) viloyatlarida xarid qilingan.
Eslatib o‘tamiz: avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi respublika davlat byudjetiga, 20 foizi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.