“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Samarqandda “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bu yilgi tanlov “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida tashkil etildi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayev pandemiya sharoitida ham mazkur an’anaviy tanlovga qiziqish katta bo‘lganini qayd etib, samarqandlik shoir va yozuvchilar, jurnalist va blogerlar, rassom, dizayner va fotograflarning 200 ga yaqin ijodiy ishlari telegram kanali orqali qabul qilinib, munosib baholanganini ta’kidladi.
Barcha ishlar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari”, “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari”, “Ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari”, “Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari”, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” hamda “San’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari” nominatsiyalari bo‘yicha 18 nafar g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
– Sakson yosh ostonasidagi ijodkorman, – deydi yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari yo‘nalishi g‘olibi, publitsist Nusrat Rahmat. – Ikki asrni, ikki tuzumni ko‘rdim. Hayot davomida ko‘rgan-kechirganlarim asosida bir qator asarlar yaratdim. Mustaqillik tufayli jadid bobolarimiz hayoti va ijodini o‘rganishga alohida e’tibor, rag‘bat ko‘rsatilganidan ruhlanib, buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida “Jadid” nomli roman yozgandim. Ushbu asarim bugungi tanlovda e’tirof etilganidan xursandman. Inson o‘z o‘tmishini, tarixini unutmasligi kerak. Bizning o‘tmishimizda esa millat va Vatan uchun jon fido qilgan ma’rifatparvar bobolarimizning munosib o‘rni bor.
Tanlov g‘oliblariga tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.