“Eng ulug‘, eng aziz” viloyat tanlovida ishtirok eting!
Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi viloyat bo‘limi, viloyat “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, viloyat teleradiokompaniyasi hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlab “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovining viloyat bosqichini e’lon qiladi.
Tanlovga “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan asarlar-materiallar qabul qilinadi.
Tanlovga qabul qilingan materiallarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, shuningdek, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturlarining ijrosi, mazmun-mohiyati va targ‘iboti aks etganiga alohida e’tibor qaratiladi.
“Eng ulug‘, eng aziz” viloyat tanlovi g‘oliblari quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlanadi:
– viloyatdagi yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, jurnalistlarning publitsistik nashrlari;
– bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining ijodiy ishlari;
– ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari;
– televideniye va radio ijodkorlarining materiallari;
– tasviriy san’at, foto asarlar va dizayn ishlari;
– san’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari.
Har bir nominatsiya bo‘yicha uchtadan o‘rin ajratiladi.
Tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lganlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:
– muallif to‘g‘risida ma’lumotnoma (ob’yektivka);
– muallifning fuqarolik pasporti nusxasi;
– nomzodning manzili va bog‘lanish telefon raqamlari.
Tanlovga 2023 yilning 1 avgustidan 2024 yilning 1 avgustigacha bo‘lgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlari, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e’lon qilingan maqolalar, radio va televideniye kanallarida efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san’at ishlari va fotoasarlar, kuy-qo‘shiqlar qog‘oz ko‘rinishda hamda elektron shaklda 2024 yilning 12 avgustigacha qabul qilinadi.
Tanlov g‘oliblari Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida aniqlanadi hamda qimmatbaho sovg‘a va diplom bilan mukofotlanadi.
Taqdim etilgan ijodiy ishlar hay’at a’zolari tomonidan baholab bo‘lingach, mukofotlanganlarni taqdirlash marosimining sanasi va vaqti e’lon qilinadi.
Tanlovda qatnashish uchun taqdim etiladigan namunalar ijodiy uyushmalardan, OAV jamoalaridan, sohalar bo‘yicha nodavlat-notijorat tashkilotlaridan, shuningdek, mustaqil ijodkorlardan elektron hamda bosma shaklda Samarqand shahri, Ulug‘ Tursunov ko‘chasi, 80-uy, viloyat Matbuot uyida qabul qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 66-233-91-69, 66-235-28-40, 66-233-43-57, 55-704-96-16 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Tashkiliy qo‘mita.